Jahon | 11:50 / 05.01.2018
66529
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni diniy erkinliklarni buzayotgan davlatlar ro‘yxatiga kiritdi

Foto: AP

Amerika Qo‘shma Shtatlari Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni “vijdon erkinligi va diniy erkinlik sohasida buzilishlar tufayli alohida tashvishga sabab bo‘layotgan” 10 mamlakatdan iborat ro‘yxatga kiritdi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan payshanba kuni e'lon qilingan bayonotda aytilishicha, bu ro‘yxatdan Eron, Xitoy, Shimoliy Koreya, Myanma, Eritreya, Sudan va Saudiya Arabistoni ham joy olgan. Ushbu davlatlar o‘tgan yili ham ro‘yxatga kiritilgandi.

Davlat departamenti bayonotida Pokiston alohida ta'kidlangan – Vashington ushbu mamlakatda “diniy erkinliklar jiddiy buzilayotganidan” tashvishda.

“Diniy erkinlikni himoya qilish tinchlik, barqarorlik va farovonlik uchun juda muhimdir. Ushbu ko‘rsatmalar bu mamlakatlarda diniy erkinlikka hurmatni oshirishga qaratilgan. Biz ko‘rsatilgan qator mamlakatlar diniy erkinlikka hurmatni oshirish ustida ish olib borayotganini tan olamiz: ushbu tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaymiz va muloqotni davom ettirishga umid qilamiz. Qo‘shma Shtatlar butun dunyoda din erkinligini rag‘batlantirish uchun hukumatlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va diniy yetakchilar bilan hamkorlik qilishga tayyor”, - deyiladi Davlat departamenti bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi kunlarda AQSh va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlarda keskinlik yuzaga keldi. Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Tramp Islomobodni terrorizm bilan kurashdagi hamkorlikning yetarli darajada emasligida aybladi. "So‘nggi 15 yilda ular bizdan 33 milliard dollar oldi, biz esa ulardan hech narsa olmadik", - deya yozdi Tramp. AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli Qo‘shma Shtatlar ma'muriyati hozircha Pokistonga 255 mln dollarlik yordam pulini taqdim etmasligi haqida ma'lum qildi va ushbu mamlakatni terrorizm muammosiga nisbatan “ikki xil o‘yinda” aybladi. Pokiston hukumati esa Vashingtonning bayonotlaridan norozi bo‘lmoqda.

Mavzuga oid