Jahon | 00:10 / 06.01.2018
10171
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Yevroittifoqqa a'zolikka doir muzokaralardan  charchadi

Foto: Anadolu

Turk xalqi Yevropa Ittifoqi (YeI)ga a'zo bo‘lishga doir tinimsiz muzokaralardan charchadi, dedi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Fransiya davlat rahbari Emmanuel Makron bilan Parijda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida. "Anadolu" agentligi shu haqida xabar berdi

"Ehtimol, oxir-oqibat bizni muayyan qadamlarni tashlashga majbur qilishar. Anqara hadeb Yevroittifoq tarkibiga qo‘shilishni so‘rayverish niyatida emas", - deya ogohlantirdi turk yetakchisi. 

Shundan so‘ng Turkiya prezidenti diqqatni Suriyadagi vaziyatga qaratdi va Anqara mintaqada IShID terrorchilari bilan faol kurashni davom ettirib, do‘st mamlakatlardan PKK terrorchi tashkilotining Suriyadagi tarmoqlari – PYD va YPG'ga qarshi kurashda o‘z hissalarini qo‘shishlarini kutayotganini ta'kidladi. 

"Afsuski, Turkiyaning ba'zi ittifoqdoshlari PYD/YPG terrorchilarini qo‘llab-quvvatlashadi va shu tariqa "IShIDga qarshi kurashyapmiz" deb o‘ylashadi. Aslida esa IShIDning qayta tiklanishi uchun asos shakllanmoqda. Xavfli rejalarga qarshilik qilish uchun ogohlik va maxsus xizmatlarning uzviy aloqalari muhim", - dedi Erdo‘g‘an. 

Shuningdek, Turkiya prezidenti Fransiya hukumatini Fathulloh Gyulen tarafdorlariga nisbatan hushyor turishga chaqirdi. 

Bundan tashqari, Erdo‘g‘an bugun Parijda Anqara va Yevropaning EUROSAM konserni o‘rtasida imzolangan  raketa mudofaasi tizimlari to‘g‘risidagi bitimni juda muhim qadam deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu kelishuv NATOning uch mamlakati - Turkiya, Fransiya va Italiya ishtirokidagi yanada keng ko‘lamli kelishuvlarga erishish uchun yo‘l ochadi. 

Parij Turkiya va YeI aloqalarida ikkilamchi standartlardan voz kechish tarafdori, dedi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya Turkiya va turk xalqining kelajagi Yevropa bilan bog‘liq bo‘lishi kerakligiga ishonadi. 

Fransiya davlat rahbari Turkiya bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkorlikni namunaviy deb atadi. Uning aytishicha, Parij bu borada Anqara bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid