Qarshi shahar hokimligi bir tadbirkorni chirqiratmoqda - bu nima, fidoyilik yo reyderlik?

Foto: KUN.UZ
Tahririyatimizga Qashqadaryo viloyat markazi — Qarshi shahridan tadbirkor, «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasi rahbari Ismoil Panjiyev murojaat qilib, Qarshi shahar hokimligi va «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tomonidan uyushtirilayotgan tazyiqlar qurboni bo‘layotganini bayon etdi.
Biz — KUN.UZ jurnalistlari guruhi vaziyat bilan yaqindan tanishish, jurnalistik surishtiruv o‘tkazish uchun Qarshi shahriga yo‘l oldik.
Murojaatchi Ismoil Panjiyevning aytishicha, Qarshi shahar hokimining 2017 yil 14 apreldagi X-843/4-sonli qaroriga ko‘ra, ayrim fuqarolar, jumladan fuqaro Ismoil Panjiyevga «avtomobillar vaqtinchalik to‘xtash joyi» uchun berilgan yer maydonlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 martdagi PQ–2853-sonli «2017–2019 yillar davrida dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tasarrufiga o‘tkazilishi belgilangan.
Yuqorida tilga olingan Prezident qarorining 17-bandida chindan ham shunday deyiladi:
«17-band. 2017 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq:
dehqon bozorlariga tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari ushbu dehqon bozorlari tarkibiga o‘tkaziladi va keyinchalik ular faoliyatidan tushgan pul tushumlari dehqon bozorlarining soliq solinadigan daromadlari tarkibiga kiritiladi hamda ushbu mablag‘larning 50 foizi mahalliy byudjyetlarga yo‘naltiriladi».
«Avtostoyanka emas avtoshohbekat-ku?!»

1,175 ga yer maydoni fuqaro Ismoil Panjiyevga emas, u rahbarlik qilayotgan «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasiga tegishli. Bu haqda barcha tegishli hujjatlar bor. Hattoki hokimlik ham yo‘l qo‘ygan xatosini anglab, 2017 yil 19 iyulda o‘z qarorining 1-bandiga o‘zgartirish kiritadi va «Asilbek-Ziyoda» SIChK tasarrufida bo‘lgan 1,175 ga yer maydonidagi avtomobillar to‘xtash joyi «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tasarrufiga o‘tkazilsin, deb o‘zgartirish kiritadi.
Ushbu maydon tadbirkorga tegishli barcha hujjatlarda avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joyi emas AVTOShOHBeKAT sifatida qayd etilgan. Avtoshohbekat bo‘lganidan keyin avtobus va yo‘nalishli taksilar kirib-chiqib turadigan maydoni ham bo‘ladi-da! Binobarin, xuddi shunday muvaffaqiyat bilan Qarshi xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish polosasini birovga berib yuborish mumkin: «Yer — davlatniki, aeroportga faqat aerovokzal binosi tegishli», deb.
Hududda avtoshohbekatga xos barcha bino va ishootlar bor: dispetcherlar xonasi, haydovchilar dam oladigan xona, ona va bola xonasi. Bu joyga viloyat tumanlarida 30-35 ta yo‘nalishidan avtobuslar kelib turgan, Qarshi shahridagi №14, 18, 30, 31, 33, 42, 47, 461 kabi yo‘nalishli taksilarning so‘nggi bekati edi. I.Panjiyevning aytishicha, bu hudud avtomobillar to‘xtash joyi bo‘lmagan, shaxsiy avtomashinalar hududga qo‘yilmagan.
Yer kodeksining 20-moddasiga ko‘ra qabul qilingan, o‘sha vaqtdagi shahar hokimi Sh.Tursunov imzolagan 2006 yil 11 avgustdagi X-482/8 qarorda Qarshi – Koson yo‘lidan «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasiga «Avtobekat» qurish uchun 1050 kv.m yer maydoni nomuayyan muddatga ajratilsin, deyilmoqda. Ya'ni, boshdan-bosh hujjatlarda yer maydoni avtoshohbekat qurilishi uchun rasmiylashtirib berilgan.
Zararni kim qoplaydi?
Prezident qarorining 16-bandida «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari dehqon bozorlarini rekonstruksiya qilish va ularning hududida zamonaviy savdo majmualari qurish ishlarini amalga oshirish uchun belgilangan tartibda zarur yer uchastkalari ajratilishini, shuningdek, ularning hududlari tayyorlanishini hamda bino va inshootlar buzilishi tufayli yuridik va jismoniy shaxslarga yetkazilgan zararlar qoplanishini ta'minlasinlar», deyilyapti.
Biroq I.Panjiyevning aytishiga ko‘ra, «Asilbek-Ziyoda» SIChKga yetkazilgan zarar hozircha qoplanmayapti. Shahar hokimining qarorida yetkazilgan zararni qoplash «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ tomonidan amalga oshirilishi belgilanmoqda.
«Birgina elektr energiyasining o‘zidan 200 million so‘m qarzi bo‘lib, 9 oy svetsiz o‘tirgan bozor menga yetkazilgan zararni qanday qoplaydi?!» — deydi tadbirkor Ismoil Panjiyev.
Bozor raisi Toshturdi Jo‘rayevning bizga aytishicha, yerni bozor ma'muriyati allaqachon davlat zaxira fondiga qaytarib bergan. Endi o‘zining ixtiyorida bo‘lmagan, davlatga topshirib yuborilgan maydon uchun bozor zararni qoplar ekanmi? Absurd emasmi?
«Holvani hokim — kaltakni yetim»
«Mol achchig‘i — jon achchig‘i» degan naql bor. 2017 yil 14 dekabr kuni 4 ta MAN yuk mashinasi avtoshohbekatning asfaltlangan maydoniga shag‘al to‘kish uchun kirib kelishadi. Tabiiyki, I.Panjiyev hali bu vaziyat bo‘yicha sudlashayotganini ro‘kach qilib, maydonchani egallash uchun faqat majburiy ijro byuro xodimlarininggina haqi borligini ta'kidlab, maydonga shag‘al to‘kilishiga monelik qiladi.
I.Panjiyev va voqea guvohlarining aytishicha va KUN.UZ ixtiyoriga kelib tushgan videokadrlardan ko‘rinishicha (avtoshohbekat hududi 9 ta videokamera kuzatuvi ostida bo‘lgan) Kechki soat 18:20 larda bundan xabar topgan shahar hokimi J.Fozilov avtoshohbekat hududiga kirib keladi va I.Panjiyevni (yozib va ko‘rsatib bo‘lmaydigan) o‘ta qo‘pol so‘zlar bilan haqorat qiladi. «Og‘zingizga qarab gapiring», deya e'tiroz bildirgan o‘g‘li Shahzod Qurbonovni esa kaltaklaydi.
Shundan so‘ng huquq-tartibot organlari vakillari ota-bolani mashinaga bosib, militsiya bo‘linmasiga olib ketishadi. Hokim qolib, undan tepki va haqorat eshitgan tadbirkor va o‘g‘li jarimaga tortiladi. Olgan tan jarohatlari bo‘yicha ekspertizadan o‘tay desa, shifokorlar «soppa-sog‘siz» deb turishibdi. Qonida alkogol bor-yo‘qligini tekshirish uchun ota-bolaning hattoki qonlaridan ham tahlil uchun olishadi.
«To‘ng‘ich o‘g‘limga biror kor-hol bo‘lmasin, deb uni bozorga yaqinlashtirmasdan ko‘zdan panada yashirib yuribman, ochig‘i», deydi I.Panjiyev.
(Bu da'voning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida muayyan fikrga kelish qiyin. Jumladan, qorong‘uda bolaxondor qilib so‘kinib yurgan shaxs chindan ham shahar hokimi bo‘lganini faqat ekspertiza aniqlay oladi. Ismoil Panjiyev O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasiga bu borada shikoyat bilan murojaat qilgan, shikoyat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga jo‘natilgan — xullas, tegishli organlar o‘z huquqiy bahosini beradi — tahririyat).
«Ikkinchi hamlada egallab olishdi»
18 yillik mehnatiga ichi achiyotgan Ismoil Panjiyev ichi kuyib shunday deydi:
«O‘tgan shuncha yil ichida bir chaqaloq norg‘ul yigitga aylanadi. O‘zi shu hududni 2000 yilda o‘sha vaqtdagi shahar hokimi menga istamasam ham, majburlab bergan edi. Tashlandiq, o‘ydim-chuqur joylar edi. 6 metrlik kotlovan bor edi. Tuprog‘u shag‘al opkelib to‘ldirib, tekislab maydon qildim, avtoshohbekat barpo etdim. Yerqo‘rg‘on bozori ham keyinchalik, 2001 yilda qurildi. Shu bozorning oyoqqa turishida ham o‘zim bosh-qosh bo‘lganman. Odamlarni chaqirganman. 20 million so‘mlik aksiyalarim ham bor. Bugungi kunga kelib hudud yiriklashdi, rivojlandi, serdaromad joylarga aylandi. Endi men bir paytlar epaqaga keltirgan, keyinchalik obod qilgan, odamlarni ish bilan ta'minlab turgan joyimga ko‘z olaytirib, ochiqdan-ochiq tahdid qilib tortib olishmoqda».
I.Panjiyevning aytishicha, unga tegishli yer maydoniga birinchi bor hujum bo‘lmayapti.
2011 yilda ham Qarshi shahar hokimi X-213/5 qarori bilan mulkka egalik huquqini bekor qilgan. 2014 yil 19 dekabr kuni I.Panjiyevga egalik huquqi sud tomonidan qaytadan tiklab berilgan. 2015 yil 19 iyul kuni 1,28 ga yer maydoni «Asilbek-Ziyoda» SIChK balansiga o‘tkazilgan. Shahar hokimligi bu ishni paysalga solgan. 1,5 yildan so‘ng, sud ijrochilar shahar ma'muriyatiga 10 EKIH jarima solganidan so‘ng, 2016 yil 6 dekabr kuni X-1604/12 shahar hokimi (J.Fozilov) qarorga qo‘l qo‘yib bergan.
Hududning 2002 yilda koinotdan olingan fotosurati ham I.Panjiyev aytgan gaplarni tasdiqlab turibdi. 2002 yil 15 avgust kuni tushirilgan fotosuratda hudud yangi asfalt qilingani ko‘rinib turibdi.
Ikkinchi fotoda avtoshohbekatning bugungi kundagi (2017 yildagi) ahvoli ko‘rinib turibdi.
Bizni hayratga solgani asfaltlangan tekis joyga shag‘al to‘shab, nimani ko‘zdan berkitishmoqchi bo‘lishgan mutasaddilar? Bu yer «bir tashlandiq joy edi o‘zi», deyishmoqchimi?
Hokim nima deydi?
Ushbu masala yuzasidan Qarshi shahar hokimi Jamshid Fozilovga murojaat qilganimizda, hokim ishlarning barchasi Prezidentimizning PQ–2853 sonli qaroriga muvofiq, «Yerqo‘rg‘on» bozorini zamonaviylashtirish uchun amalga oshirilayotganini ta'kidlab o‘tdi:

«Avtoshohbekat bo‘lib turgan joyga shag‘al tashlangan. Milliy bank direksiyasiga borsalaringiz loyihalarni sizlarga ko‘rsatishadi. Bu joy bozorga keluvchilar uchun avtotransport vositalarini vaqtincha turargohi bo‘ladi. Aholiga tekin xizmat ko‘rsatiladi. Bu borada sudning tegishli qarorlari ham bor, yuristimizga tayinlayman, barcha hujjatlarni ko‘rsatadi», dedi shahar hokimi.
Biroq Prezident qarorida «dehqon bozorlariga tutash hududlarda joylashgan avtotransport vositalarini vaqtincha saqlash joylari ushbu dehqon bozorlari tarkibiga o‘tkaziladi va keyinchalik ular faoliyatidan tushgan pul tushumlari dehqon bozorlarining soliq solinadigan daromadlari tarkibiga kiritiladi hamda ushbu mablag‘larning 50 foizi mahalliy byudjyetlarga yo‘naltiriladi», deyilgan.
Ya'ni, shahar hokimining «stoyanka» tekin bo‘lishi haqidagi gapi Prezident qaroriga mos kelmayapti. Boz ustiga, Prezident qarorida dehqon bozorlariga olib berilgan yer joylar boshqa shaxsga berib yuborilsin, degan joyi ham yo‘q.
«Bozorga aylanayotgan avtoshohbekat»
«Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ boshqaruvi raisi Toshturdi Jo‘rayevdan ham vaziyat yuzasidan tushuntirish oldik:

«Prezident qarori hamma narsadan ustun. U — qonun kuchiga ega. Bunday vaziyatda taqdirga tan berish kerak, har qanday kishi Prezident, viloyat va shahar hokimlari qarorlariga bo‘ysunish kerak», deydi u.
«Yetkazilgan zararlar qoplash haqida ham I.Panjiyev murojaat qilgan, evaziga joy beramiz, degan gaplar ham bo‘lgan. Yetkazilgan zararni baholatib, bizga yoki shahar hokimligiga murojaat qilganida, albatta qoplab berilar edi. Lekin bunday gap bo‘lgani yo‘q, bu borada biror hujjat taqdim qilgani yo‘q, I.Panjiyev «bu joydan chiqmayman», deb turib oldi, tamom-vasalom», — deydi T.Jo‘rayev.
«Hozir yer maydoni O‘zbekiston Respublikasi tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki huzuridagi «NBU Bunyodkor invest» MChJga berib yuborilgan. Biz «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasi tasarrufida bo‘lgan yerni olib, so‘ngra bozorga tegishli bo‘lgan yerdan ham ozgina qo‘shib, jami 1,67 gektar yerni shahar hokimiyati zaxira yer fondiga qaytardik. Hokimlik III tipdagi supermarket qurish uchun «NBU Bunyodkor invest» MChJga egalik huquqi chiqarib berdi» — deydi «Yerqo‘rg‘on dehqon (oziq-ovqat) bozori» AJ boshqaruvi raisi T.Jo‘rayev.
Ayni paytda «Asilbek-Ziyoda» savdo ishlab chiqarish korxonasi tasarrufidagi avtoshohbekatni avtoturargohiga shag‘al to‘kilib, yoyib chiqilgan. U yerga kirib-chiqayotgan mashinalardan ham haq undirilmoqda. Biz yangi yil bayrami oldidan borib vaziyatni o‘rgandik, shag‘al to‘shalgan maydonda yoyma savdo qizg‘in, «Yerqo‘rg‘on» bozori pattachilari savdo qilayotganlardan patta haqi ham olishmoqda.

Bu haqda bozor raisidan so‘raganimizda, «Bayram oldi odamlarning kayfiyatini buzmaslik uchun bozor hududidan tashqaridagi bunday savdoga vaqtincha ruxsat berib turibmiz. Hali hammasini tartibga olamiz», dedi T.Jo‘rayev.
«Hech kim norozi bo‘lmasligi kerak»
O‘rgangan vaziyatimiz yuzasidan muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, bir xo‘jalik yurituvchi sub'yekt ixtiyorida bo‘lgan, 17 yildan buyon avtoshohbekat sifatida foydalanib kelinayotgan yer maydoni prezident qaroridagi «yondosh avtoturargohlar bozor tarkibiga kiritilsin» degan bandni ro‘kach qilib, shahar hokimining qaroriga ko‘ra, egasining roziligisiz ikkinchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektga olib berilgan. Hali buyoqda egasi rozi bo‘lmay, qonuniy huquqlaridan foydalanib sudlarga murojaat qilayotganida, bozor ma'muriyati o‘sha joyni shahar hokimligiga «kerakmas bizga» degandek qilib, zaxira fondiga qaytargan. Shahar hokimligi esa go‘yoki «egasi yo‘q» yerni (aslida, egasi bor — u chirqillab yuribdi) uchinchi tomonga egalik qilish huquqi bilan ajratish to‘g‘risida qaror chiqarib bermoqda.
Prezidentimiz o‘z nutqlarida, chiqishlarida fuqarolarni rozi qilish, adolatli bo‘lish, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash haqida tinimsiz ta'kidlab keladi. Endi o‘zingiz o‘ylang: joylardagi hokimliklar Prezident qarorini orqa qilib, tadbirkorni norozi qilish, unga nisbatan adolatsizlik qilish qilish, uni hech vaqosiz qoldirish, yetkazilgan zararni qoplamaslik, boz ustiga, bu yo‘lda do‘q-po‘pisa qilish, bosim va kuch ishlatish qaysi adolat mezoniga to‘g‘ri keladi?
Qarshi shahar hokimi J.Fozilov va mutasaddilarni ham to‘g‘ri tushunish kerak. U shahardagi bozorni zamonaviylashtirish, Prezident qarorida belgilangan muddat — 2019 yilgacha ulgurib qolish payidan bo‘lmoqda. Biroq shu ishlarning barchasi muzokara yo‘li bilan, hech kimning burnini qonatmasdan ham amalga oshirish mumkin-ku?! Nahotki buning imkoni bo‘lmasa?
Aslida, bu vaziyatda tadbirkor har qanaqasiga haq. Uning huquqlari toptalmoqda. Eng kamida tadbirkorga boshqa mutanosib hududdan bundan kam bo‘lmagan kvadratda yer maydoni ajratilishi va uning shu yer maydonida amalga oshirgan qurilish inshootlarning qiymati qoplanishi kerak edi.
Yo bu yerda boshqa gap bormikan? Bilmadik, bilmadik... KUN.UZ bu borada mutasaddilardan javob kutamiz.
Shuhrat Shokirjonov,
Ma'rufjon Asqarov,
KUN.UZ muxbirlari.
P.S.: Shu o‘rinda bitta fikr. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining qarorlari yopiq rejimda, ko‘zdan panada qabul qilinishi, imzolanishi mana shunday haqsizliklar kelib chiqishiga sabab bo‘laveradi.
Zudlik bilan shaharlar va tumanlarda shu vaqtgacha qabul qilingan qarorlar (bekor bo‘lgani va amalda ekanligidan qat'iy nazar) sanama-sana, raqamma-raqam PDF formati hokimlik saytlari arxivida joylashtirilishi, bundan keyingi qabul qilinadigan qarorlar ham kunma-kun, raqamma-raqam kiritib borilishi kerak. Prezident va hukumat farmonlari va qarorlari yashirilmasdan joylashtiriladi-ku?
Bu — jamiyatimizda shaffoflik sari tashlangan eng katta qadamlardan biri bo‘lar edi.
Video: YouTube

Video: Tas-IX
Tavsiya etamiz
“Sirtqi ta’lim yopilsa, hech narsa yo‘qotmaymiz” – mutaxassislar bilan suhbat
O‘zbekiston | 15:26 / 19.05.2025
Trampni siylagan arablar, muzlatilgan savdo urushi va amalga oshmagan “duel” - Geosiyosiy hafta tahlili
Jahon | 16:04 / 17.05.2025
Tahdid va tarix haqida va’z: Istanbul muzokaralarida nimalar deyishdi?
Jahon | 13:33 / 17.05.2025
Haydovchilar uchun qator yengilliklar e’lon qilindi
O‘zbekiston | 18:04 / 16.05.2025
So‘nggi yangiliklar
-
“Asialuxe Travel” bilan Hurgadaga: dengiz, quyosh va sharqona ertak
O‘zbekiston | 09:00 / 21.05.2025
-
AQSh davlat kotibi Rossiya prezidentini harbiy jinoyatchi deb atashdan bosh tortdi
Jahon | 01:12
-
«AQSh bilan savdo nizolarini tezroq hal qilishimiz kerak» - G7 yig‘ilishidagi so‘nggi ma’lumotlar
Jahon | 00:45
-
Britaniyaliklar Everestni yangi usulda zabt etdi
Jahon | 23:43 / 21.05.2025
Mavzuga oid

15:27 / 15.04.2025
Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi

17:18 / 08.02.2025
“Sen qulsan” – Kosonda kelinini muntazam xo‘rlab kelgan qaynota va qaynona hamda ularning o‘g‘li ozodlikdan mahrum qilindi

11:02 / 15.12.2024
Taxtiqoracha dovoni avtomobillar harakati uchun vaqtincha yopildi

18:04 / 06.11.2024