Sport | 22:55 / 07.01.2018
16175
2 daqiqa o‘qiladi

Useyn Bolt «MYu»ga o‘tish uchun Fergyuson yordamidan foydalanmoqchi

Foto: Reuters

Yamaykalik yengil atletikachi, olimpiadaning sakkiz karra va 11 karra jahon chempioni Useyn Bolt azaliy orzusi — «Manchester Yunayted» futbolchisi bo‘lish borasida hali umidlari so‘nmaganini aytib o‘tdi. Sportchi «MYu»ning sobiq bosh murabbiyi ma'lum bir sharoitlarda unga yordam qo‘lini cho‘zishi mumkinligini aytib o‘tdi, deb yozadi championat.com.

«Jarohatlarimdan to‘liq forig‘ bo‘lib, formamni tiklab oldim. Mart oyida Dortmundning «Borussiya» klubiga ko‘rikka boraman, shundan so‘ng keyingi kareram qanday bo‘lishi hal bo‘ladi. Agar ular mening o‘yinimdan qoniqishsa, men futbol kareramni boshlayman. Aslida ko‘p asabiylashmayman, lekin hozir gap futbol haqida bormoqda. Menga moslashish uchun ma'lum bir vaqt zarur bo‘ladi, lekin men albatta ko‘nikaman. Yengil atletika bilan shug‘ullana boshlaganimda ham ana shunday qiyin bo‘lgan. Avval asabiylashib, keyin ko‘nikib ketganman.

Mening eng katta orzularimdan biri — «Manchester Yunayted» bilan shartnoma imzolash. Agar «Borussiya»dagilar meni futbol o‘ynash uchun yaroqli, deb topishsa, sidqidildan shug‘ullana boshlayman. Aleks Fergyuson bilan shu mavzuda suhbatlashdik va undan «MYu»da men haqimda gap ochishni iltimos qildim. U agar men formada va tayyor bo‘lsam, nimadir qilish mumkinligini aytdi», — deya Boltning so‘zlarini keltirmoqda Daily Express.

Mavzuga oid