Jahon | 20:43 / 09.01.2018
5861
2 daqiqa o‘qiladi

Shveytsariyadagi kurortda 13 ming sayyoh qor iskanjasida qolib ketdi

Shveytsariyaning tog‘-chang‘i kurorti Tsermattda kuchli qor yog‘ishi sababli 13 mingga yaqin sayyoh qolib ketdi. Qor avtomobil va temir yo‘l aloqasini tashqi dunyodan uzib qo‘ygan. Bu haqda 20min portali xabar qildi.

“Dushanbadan boshlab Vale kantonidagi bir nechta vodiy qor tufayli tashqi dunyodan uzilib qolgan. Hozir Tsermatt kurortida 13 ming kishi dam olmoqda. Ayni vaqtda kurortdan ketish va unga borishning iloji yo‘q”, deb aytgan kurort vakili Janin Imesh.

Kurortga olib boruvchi eng yirik avtomobil yo‘li 8 yanvar ertalabdan yopiq. Shu kuni kechga yaqin poyezdlar qatnovi ham to‘xtagan. Bu kurortdagi mehmonxonalar va apartamentlar 13,4 ming o‘ringa ega. Bu yerda shuningdek 5,5 minglik aholi yashaydi. “Hozirda kurortda hamma osma yo‘llar yopilgan. Tog‘lardagi so‘qmoqlar bo‘ylab sayr qilish taqiqlangan. Sayyohlar orasida sarosima yo‘q, bu holat hatto juda romantik bo‘lmoqda”, deb aytgan kurort vakili.

Kurortning katta qismi 9 yanvar ertalab elektr ta'minoti yo‘qligi sabab qorong‘ilikka cho‘mgan. Sayyohlar uchun nonushtani shamlarda tayyorlashga to‘g‘ri kelgan.

Tsermatt Shveytsariyadagi eng mashhur va ommaviy kurortlardan biri hisoblanadi. U 4 ming kilometrlik Alp tog‘lari bilan qurshalgan. Kurortda avtomobillar harakatlanishi taqiqlangan. Bu yerga faqat poyezd yoki Tesh stansiyasidan taksida kelish mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid