Jahon | 08:53 / 09.01.2018
6506
3 daqiqa o‘qiladi

Vashington AQShdan 200 ming salvadorlikni chiqarib yuborishga qaror qildi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati Vashington Salvadorning avval AQShda ishlash va yashash huquqiga ega bo‘lgan fuqarolari uchun ishlashga ruxsatlar amal qilishini to‘xtatishini ma'lum qildi.  

“Bi-bi-si”ning xabar berishicha, AQShni 2019 yilgacha 200 mingga yaqin salvadorlik tark etadi, aks holda ular hibsga olinib, deportatsiya qilinadilar.

Salvadorliklar uchun gumanitar dastur 2001 yildan amal qiladi va Markaziy Amerikadagi bir qator zilzilalardan keyin kiritilgandi. O‘shanda zilzilalar oqibatida mingdan ko‘proq odam halok bo‘lgan, 1,3 mln kishi o‘z uyini tark etishga majbur bo‘lgan.

Avvalroq Tramp ma'muriyati shunga o‘xshash dasturlarni Haiti, Sudan va Nikaraguaning o‘n minglab fuqarolariga bekor qilgandi.

Bunday dasturlar 1990-yillarda ishlab chiqilgan va bir nechta davlatlardan kelgan muhojirlarga ular chegarani qonuniy yoki noqonuniy kesib o‘tganlaridan qat'iy nazar, AQSh hududida yashash va ishlash imkonini beradi. Bunday huquqni tabiiy ofatlar yoki harbiy ixtiloflardan aziyat chekkan davlatlar fuqarolari oladilar. Bu dastur bo‘yicha AQShga aynan Salvador fuqarolari eng ko‘p kirgan.

Oq uyning bu qarori tarafdorlarining fikricha, ayni vaqtda Salvadorda sharoitlar odamlar qaytishi uchun maqbul holatga kelgan. Ularning aytishicha, bu dastur boshidan vaqtinchalik chora sifatida qo‘llangan. Bundan tashqari, Tramp ma'muriyatining ta'kidlashicha, AQShga kiruvchi salvadorliklarning aksariyati MS-13 jinoiy guruhi a'zolari hisoblanadilar.

Bu qarorga qarshilarning fikricha esa ayni damda Salvadorda nochorlik va zo‘ravonlik avj olgan, qotillik darajasi dunyodagi eng yuqorilardan biridir. Bundan tashqari, Salvadorda yashovchilarning ko‘pchiligi AQShda ishlaydigan qarindoshlari yuboradigan pulga kun kechiradilar.

Vashington 2018 yilda shunday dasturlar bo‘yicha Nepal, Somali, Suriya, Honduras va Yamandan bo‘lgan muhojirlar uchun qaror qabul qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid