O‘zbekiston | 03:17 / 10.01.2018
15749
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki bozorda narxlar keskin oshishining oldini olish uchun kompleks Dastur qabul qilinadi

Foto: KUN.UZ

2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasi e'lon qilindi.

Dasturning «Iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari» deb nomlangan III bobi, Makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolishga bag‘ishlangan bo‘limida 2018 yilda mamlakat ichki bozorida iste'mol tovarlari va xizmatlar bo‘yicha narxlarning keskin oshishining oldini olish uchun amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan chora-tadbirlar belgilab olinmoqda.

Buning uchun kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. 2018 yil 20 martgacha qabul qilinadigan Dasturning ijrosi uchun Ijtimoiy ahamiyatga ega oziq-ovqat tovarlarining asosiy turlariga narx-navoni monitoring va nazorat qilish respublika komissiyasi, Iqtisodiyot vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi va Davlat raqobat qo‘mitasi mas'ul qilib belgilangan

Dasturni amalga oshirish uchun Ichki iste'mol bozorida narx-navoni barqarorlashtirishga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 100 million AQSh dollari va 385 milliard so‘m sarflash nazarda tutilgan.

Dasturda:

  • ichki iste'mol bozoriga asosiy oziq-ovqat va boshqa iste'mol tovarlarining uzluksiz yetkazib berilishini ta'minlash;
  • iste'mol tovarlari bo‘yicha yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan taqchillikni oldindan aniqlash va bu bo‘yicha tegishli choralarni ko‘rish;
  • xom-ashyo va iste'mol tovarlari importi bo‘yicha erkin raqobatni ta'minlash;
  • mamlakat ichki bozorida raqobat muhitini jonlantirib borish va sun'iy ravishda yaratilishi mumkin bo‘lgan taqchilliklarning oldini olish kabi chora-tadbirlar nazarda tutiladi.
Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid