O‘zbekiston | 22:15 / 11.01.2018
48956
8 daqiqa o‘qiladi

Propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham beriladi

Foto: KUN.UZ

Davlat dasturi doirasida propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. KUN.UZ muxbiri 11 yanvar kuni "Taraqqiyot strategiyasi" markazida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari M.Sh.Istamovning so‘zlariga asoslanib, shu va qator o‘zgarishlar haqida xabar berdi.

Davlat dasturining birinchi yo‘nalishi - Davlat va jamiyat qurilish tizimini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari Prezidentning Oliy Majlis palatalarining qo‘shma yig‘ilishlarida qilgan murojaatnomalari asosida tuzilgan. Birinchi yo‘nalish uch bo‘limdan iborat:

1. Xalq vakillik organlarining rolini kuchaytirish, ya'ni Oliy Majlis palatalari va mahalliy kengashlarning roli  va vakolatlarini kuchaytirish;

2. Davlat boshqaruv tizimini isloh qilish;

3. Jamoatchilik boshqaruv tizimini takomillashtirish.

Bular orasida eng kattasi - o‘z ichiga 28 bandni jamlagan ikkinchi bo‘lim, ya'ni davlat boshqaruv tizimini isloh qilish hisoblanadi. Bu bo‘limda ikkita asosiy ustuvor vazifa belgilangan:

1. Ma'muriy islohotlar konsepsiyasini amalga oshirish;

2. Fuqarolar va yuridik shaxslarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifati va tezkorligini oshirish.

Ma'muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida qanday chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda?

1. Davlatning iqtisodiyotdagi ta'sirini kamaytirish. Ma'lumki, bugungi kunda ko‘p davlat idoralari, vazirliklar tuzilmalarida davlat unitar korxonalari faoliyat yuritadi. Ular muayyan sohalarda tegishli tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiradi. Buning salbiy tomoni - davlat idorasi tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanar ekan, u qaysidir ma'noda raqobatni cheklaydigan holatlarga duch kelishiga to‘g‘ri keladi. Raqobatga kirishgandan keyin davlat idorasi o‘z funksiyasidan, o‘z vakolatidan foydalanib, boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining rolini cheklashi, qaysidir ma'noda o‘ziga tegishli davlat unitar korxonasiga imtiyozlar berishi mumkin. Aynan shu tufayli davlat unitar korxonalari ko‘lamini keskin qisqartirish masalasi qo‘yilgan.

2. Ayrim davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish masalasi ilgari surilmoqda. Barchaga ma'lumki, avtotransport vositalarini texnik ko‘rikdan o‘tkazish masalalari ilgari ichki ishlar idoralari tomonidan o‘tkazilgan bo‘lsa, hozir bu funksiya sekin-asta xususiy sektorga o‘tkazilmoqda, shu yo‘nalish keyinchalik ham davom etadi.

3. Nomarkazlashtirish, ya'ni davlat vakolatlarini yuqoridan turib quyi idoralarga berish. Bugungi kunda 64 ta litsenziya turi mavjud bo‘lsa, bor-yo‘g‘i 1 tasi tuman hokimligida beriladi, qolgan 21 tasi Vazirlar Mahkamasida, 40 tasi markaziy idoralar tomonidan beriladi. Ko‘rib turganimizdek, 90 foizdan ziyodi - respublika miqyosida beriladigan litsenziyalar. Bu masalalarda xalqqa, tadbirkorlarga qulay bo‘lishi uchun barcha vakolatlar quyi bo‘g‘inga - viloyatlar va tuman hokimliklariga berilishi nazarda tutilgan.

4. Davlat organlarining turlarini aniqlashtirish. Bugungi kunda davlat boshqaruv organlari tizimida vazirlik, davlat qo‘mitalari, agentliklar, inspeksiyalar faoliyat yuritadi, lekin ularning aniq bir chegara doirasi belgilanmagan. Mana shu masalalarni aniq belgilash nazarda tutiladi.

5. Idoralararo kollegial organlarni qisqartirish. Bugungi kunda ayrim davlat funksiyalarini bajarishda, masalan, ruxsatnoma va litsenziya berishda bu masalalar ma'lum bir idora tomonidan emas, balki kengashlar, ichki guruhlar, komissiyalar tomonidan hal qilinadi. Buning salbiy tomoni - ertaga noto‘g‘ri qaror qabul qilingani uchun hech kim mas'ul bo‘lmaydi. Shuning uchun muayyan bir idorani aniqlashtirish va ertaga noto‘g‘ri qaror qabul qilingani uchun o‘sha idora yo mansabdor shaxs mas'uliyatini belgilash nazarda tutilmoqda.

6. Bugungi kunda ma'lum bir sohalarni nazorat qiladigan ayrim inspeksiyalar davlat byudjyetidan emas, balki o‘zining nazorati ostidagi xo‘jalik boshqaruv organlari tomonidan moliyalashtiriladi.

Davlat xizmatlari sifati va tezkorligini oshirishga doir qanday chora-tadbirlar nazarda tutilgan?

1. Xalq qabulxonalari negizida Adliya vazirligi huzurida Davlat xizmatlar agentligi tashkil etildi. Viloyat va tumanlarda uning tegishli bo‘linmalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ularning barchasi yagona brend - Xalq qabulxonalari brendi ostida fuqarolarga davlat xizmatini ko‘rsatadi. Xalq qabulxonalari binolarini qurish bo‘yicha davlat xususiy sheriklik doirasida yangi zamonaviy binolarni qurish rejalashtirilgan. Hozirda uning mutlaqo yangi, zamonaviy loyihasi ustida ishlanmoqda, Adliya vazirligi tomonidan xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmoqda. Uning ichida ona va bola xonalari, nogironligi bo‘lgan shaxslar quchun qulay muhit, avtomobil to‘xtash joylari, fuqarolarning o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish funksiyalari albatta bo‘ladi.

2. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yangi innovatsion texnologiyalarni joriy qilish nazarda tutilmoqda. Joriy yilning birinchi choragiga qadar barcha davlat xizmatlari markazlarini tuman shaharlarida joylashgan markazlar infokiosklari bilan to‘liq ta'minlash.

3. Mobil davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yish, ya'ni olis hududlarda yashaydigan fuqarolarimiz uchun maxsus avtotransport vositalarini xarid qilinmoqda va ular chekka hududlarga chiqib, fuqarolarimizga davlat xizmatlarini ko‘rsatadi, uning ichida albatta notarius xizmatlari ham mavjud. Bundan tashqari, davlat xizmatlari markazida elektron navbat kutish, masofadan kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish.

5. Davlat xizmatlari yagona reyestrini shakllantirish. Hozirda Adliya vazirligi tomonidan xatlov o‘tkazilmoqda. Mingdan ortiq turli davlat idoralari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar aniqlandi, ularning barchasi yagona reyestrga kiritiladi va 1-iyundan boshlab reyestrga kirmagan bo‘lsa, hech bir davlat idorasi bu xizmatni ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmaydi, ko‘rsatgan taqdirda, bu qonunga zid deb topiladi va tegishli javobgarlikni keltirib chiqaradi.

6. 2018 yilda yangi yuridik shaxslar uchun 40 turdagi, jismoniy shaxslar uchun esa 19 turdagi  davlat xizmatlarini yagona darcha tamoyili asosida ko‘rsatish rejalashtirilmoqda. Bularning qatorida, fuqarolarimizning muhandislik tarmoqlariga (gaz, elektr, kanalizatsiya va b.) ulanish, bino fasadini o‘zgartirish, tug‘ilganlikni ro‘yxatga olish, ya'ni metrikalarni berish masalalari ham kelajakda davlat xizmatlari markazi orqali amalga oshirilishi belgilab qo‘yilgan.

7. Davlat dasturida birinchi marta yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. "Nima uchun bu qonun loyihasi davlat  dasturiga kiritildi?" degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Jahon bankining 2018 yilgi biznesni amalga oshirishga doir reytingida aynan tadbirkorlarni ro‘yxatga olish masalasi bo‘yicha O‘zbekiston ilg‘or davlatlar qatorida 11-o‘rinni egallab turibdi. Shu yo‘nalishdagi barcha masalalarni bir qonunda jamlab, ularni qonun doirasida tartibga keltirish nazarda tutilmoqda.

8. Fuqarolarimizning mamlakat hududida erkin harakatlanish va mehnat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta'minlash maqsadida turar-joy bo‘yicha hisobga qo‘yish va hisobdan chiqarish masalalarida ham katta yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda. Ayniqsa, propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham berish va ish beruvchining ma'muriy javobgarligini bekor qilish masalalari nazarda tutilgan. Bundan tashqari, turar-joyi bo‘yicha ro‘yxatda turmaganlik uchun ma'muriy javobgarlikni kamaytirish ko‘zda tutilmoqda.

 

 

 

 

 

 

 

 

Mavzuga oid

E`lonlar