O‘zbekiston | 19:00 / 15.01.2018
10277
3 daqiqa o‘qiladi

Aziz Abduhakimov O‘zbekistonning turizmdan daromadini oshirish uchun qilinadigan ishlar haqida ma'lumot berdi

Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Prezident matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan navbatdagi Press Hollda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov soha oldida turgan rejalar haqida ma'lumot berib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Jurnalist undan O‘zbekiston turistlar oqimi bo‘yicha dunyoda 150-o‘rinda ekani va mamlakat turizm sohasining iqtisodiy hissasi YaIMda atigi 2 foizni tashkil etishini aytib, bu past ko‘rsatkichlarni yaxshilash uchun kelgusida nimalar qilinishini so‘radi.

Aziz Abduhakimov O‘zbekiston turizm sohasining iqtisodiy ulushi YaIMning 2,2 foizini tashkil etishi, dunyoda o‘rtacha ko‘rsatkich 10 foiz atrofida ekanini qayd etib, prezident tomonidan O‘zbekistonda bu ko‘rsatkichni yaqin yillarda 5 foizga yetkazish vazifasini qo‘yganini ma'lum qildi.

U natijalarni yaxshilash uchun O‘zbekistonning ichki turizmdagi salohiyatidan to‘liq foydalanishga e'tibor qaratilishini ma'lum qildi. Abduhakimov ichki turizmni rivojlantirish orqali bu sohadagi kompaniyalar yil davomida ish olib borishiga erishilishini aytib o‘tdi.

U turizmni rivojlantirish uchun birinchi navbatda viza rejimini soddalashtirish talab etilishini qayd etdi. Uning ma'lumot berishicha, ayni vaqtda 5ta yirik davlat bilan vizasiz rejimni joriy etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Shuningdek, yana 40dan ortiq davlat bilan viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani qo‘shimcha qilingan.

U transport infratuzilmasini yaxshilash ham turizmni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi.

«Bu xorijiy sayyohlar bizning mamlakatga safar qilishini osonlashtiradi. Biz reyslar sonini oshirishimiz va chiptalar narxlarni pasaytirishimiz talab etiladi. Shuningdek, O‘zbekistonga kelishning yangi imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yishimiz, masalan, temir yo‘l yoki avtobus qatnovlarini yo‘lga qo‘yishimiz talab etiladi.

Oldin bunday imkoniyatlar chegaralangan edi. Hukumatning bu sohada olib borayotgan islohotlar esa mavjud muammolarni hal qilishga imkon beradi», degan qo‘mita raisi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid