O‘zbekiston | 22:00 / 15.01.2018
19097
4 daqiqa o‘qiladi

Malayziya va indoneziyalik ziyoratchilar O‘zbekistonda to‘xtab o‘tadi

Bugun, 15 yanvar kuni O‘zbekiston Milliy matbuot markazida «O‘zbekistonda turizmni rivojlantirish istiqbollari va uning mamlakat iqtisodiyotidagi ahamiyati» mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi. Prezident matbuot xizmati tomonidan tashkil etilgan navbatdagi Press Hollda Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov soha oldida turgan rejalar haqida ma'lumot berib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.

Qo‘mita raisining ma'lum qilishicha, Malayziya va Indoneziya ziyoratchilari Hajdan oldin O‘zbekistonga kelishi uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareys tashkil etiladi.

«O‘zbekistonda «Ziyorat turizmi» rivojlantiriladi. Bunda Malayziya va Indoneziya sayyohlarini jalb etish mumkin.

Masalan, Malayziyada hozirda hajga borish navbatini 42 yil kutishga to‘g‘ri keladi. Indoneziyada esa o‘rta hisobda oyiga 100 mingga yaqin kishi Turkiya orqali Umraga qatnamoqda.

O‘zbekiston ular uchun tranzit vazifasini o‘tashi mumkin. Bizda ushbu ikki davlat aholisi uchun ham muqaddas bo‘lgan Al-Buxoriy, Al-Moturidiy ziyoratgohlari bor. Bizning tariqatimiz ham ular uchun ma'qul keladi.

Shundan kelib chiqib, Malayziya va Indoneziya hojilari Makkaga borish yo‘lida O‘zbekistonda bir hafta vaqtni o‘tkazishi mumkin.

Ko‘p ish olib borishimiz kerak. Tashrif buyuruvchilar uchun sharoitlar yaratilishi lozim. Buning uchun bizning qo‘mitamiz tomonidan tegishli standartlar ishlab chiqilib, 2018 yildan boshlab mehmonxonalarning 10 foiz xonasida Qur'oni karim kitobi bo‘lishi, 30 foiz xonasida qiblani ko‘rsatuvchi belgilar qo‘yilishi kerak.

Bundan tashqari, ular uchun ko‘plab turlarni yaratishimiz kerak. Bu borada bizning turistik operatorlarimiz Malayziya va Indoneziya kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatmoqda. Menimcha, fevral-mart oylaridan boshlab to‘g‘ridan-to‘g‘ri Jakarta-Samarqand-Jidda aviareysi ham yo‘lga qo‘yiladi. Bu esa yuqorida aytilgan rejalar amalga oshirilishiga imkon yaratadi.

Ziyorat turizmi haqida gapirganda faqatgina musulmon davlatlardan keluvchi sayyohlar haqida o‘ylashimiz kerak emas. Isroildan Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga sayohat qilayotgani minglab isroilliklar O‘zbekiston aeroportlaridan tranzit sifatida foydalanmoqda. Hozirgi kunda ikki mingga yaqin sayyoh tranzit qilib O‘zbekistondan o‘tmoqda, lekin ulardan birortasi bu yerda vaqtini o‘tkazmaydi. Bu oqimni 10 mingtaga oshirish uchun isroilliklarga qisqa muddatli vizalar berib, tranzit vaqtida ular O‘zbekistonda kamida 3 kun qolishi uchun ishlar olib borilmoqda.

O‘zbekiston janubidagi Surxondaryo viloyatida buddizmga aloqador ko‘plab obidalari bor. Shuning uchun, hozirgi kunda Yaponiya, Koreya, Xitoy davlatlaridan katta qiziqish bildirishmoqda va bir necha loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda. Buning uchun, u yerdagi obidalarni va mehmonxonalarni tartibga keltirishimiz kerak», degan Aziz Abduhakimov.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid