Jamiyat | 14:09 / 16.01.2018
40324
4 daqiqa o‘qiladi

Avtomobillar bilan bog‘liq bitimlarni hisobga qo‘yish: notariuslarga DYHXXdan oldin ko‘rsatma berildi

Foto: Kun.uz

Adliya vazirining buyrug‘i bilan Notariuslar tomonidan notarial harakatlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2017 yil 11 iyuldagi PQ-3127-son qarorida 2018 yil 1 yanvardan e'tiboran avtotransport vositasidan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish huquqi uchun ishonchnomalarning, avtotransport vositasining ijara, tekin foydalanish, garov, lizing shartnomalarining fuqarolar tomonidan DYHXX bo‘linmalarida hisobga qo‘yilishi to‘g‘risidagi talab bekor qilingan. Shu bilan birga notariuslar tomonidan ularning elektron shaklini jo‘natish tartibi joriy etiladi. Ya'ni hisobga qo‘yish avtomatik ravishda amalga oshiriladi.

Qabul qilingan hujjat ushbu yo‘l-yo‘riq doirasidan tashqariga chiqdi. Endilikda notariuslar «Notarius» avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali DYHXX organlariga hisobga qo‘yish uchun nafaqat aytib o‘tilgan bitimlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarni, balki avtotransport vositalarini boshqa shaxsga berish (oldi-sotdi, almashtirish, hadya qilish, renta) shartnomalari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ham yuboradi. Notariuslar tomonidan yuboriladigan tasdiqlangan hujjatlar to‘g‘risidagi ma'lumotlarning to‘liq ro‘yxati quyidagi tarzda:

• avtotransport vositalarini boshqa shaxsga berish shartnomalari to‘g‘risida – ilgari avtomobilning texnik pasportida boshqa shaxsga o‘tkazilganligi to‘g‘risida qayd qo‘yilardi;
• transport vositasini boshqarish uchun ishonchnomalar to‘g‘risida – ilgari ishonchnomaga uni 10 kun ichida DYHXX organlarida hisobga qo‘yish zarurligi va ushbu talabni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida qayd qo‘yilardi;
• avtotransport vositasidan tekin foydalanish shartnomalari to‘g‘risida;
• avtotransport vositasining lizing shartnomalari - ilgari ishonchnomaga uni 10 kun ichida DYHXX organlarida hisobga qo‘yish zarurligi va ushbu talabni buzganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida qayd qo‘yilardi.

Ushbu sharh e'lon qilingan paytda quyidagilarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagan:

• avtomototransport vositalari bilan bog‘liq bitimlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risida nizom (7.03.2006 yildagi 38-son VMQga ilova) – 10-bandda transport vositalarini boshqa shaxsga berish shartnomalari hisobga qo‘yilishi emas, balki DYHXX organlarida ro‘yxatga olinishi lozimligi mustahkamlanadi;
• avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizom (31.08.2017 yildagi 683-son VMQga 1-ilova) – 13-bandda avtomototransport vositasining egasi uni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun DYHXX organiga mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarni tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini mustahkamlanadi.

Shu bois yangi tizimning uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun keyinchalik o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilishi ehtimoli katta. 

Hujjat 15.01.2018 yilda e'lon qilingan va kuchga kirdi.
 

Mavzuga oid