O‘zbekiston | 23:15 / 16.01.2018
15018
3 daqiqa o‘qiladi

Oziq-ovqat tovarlari importi bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga berilgan barcha imtiyozlar bekor qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Mamlakatda eksport-import operatsiyalarini tartibga solish va soddalashtirish, talab yuqori bo‘lgan oziq-ovqat tovarlarini import qilishda to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, tashqi iqtisodiy faoliyat sub'yektlarining huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, nosog‘lom raqobat, oziq-ovqat mahsulotlari importining ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan monopollashtirilishi, sun'iy taqchillikni yuzaga keltirish va ba'zi tovarlar uchun narx-navoning asossiz oshirilishi, oqibatda, bu asosda qo‘shimcha foyda olish uchun shart-sharoitlar yaratuvchi jiddiy tizimli muammolar saqlanib qolmoqda.

Bozorda ayrim import qiluvchilarning ustun mavqega ega bo‘lishiga ular uchun individual imtiyoz va preferensiyalarning taqdim qilinganligi, ularning faoliyati uchun eksklyuziv sharoitlar yaratilganligi ko‘maklashgan, bu esa boshqa tadbirkorlik sub'yektlarining bozorga kirish imkoniyatini cheklashga olib kelmoqda.

Mazkur sohada yuzaga kelgan vaziyat ishchanlik faolligini va O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini pasaytiradi, xalqaro maydonda mamlakatning obro‘siga jiddiy ziyon yetkazadi.

Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta'minlash, bozorni sifatli, xavfsiz va arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, aholining xarid imkoniyatlarini mustahkamlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni liberallashtirish va sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish, shuningdek, mazkur sohadagi mavjud tizimli muammolarga barham berish maqsadida:

1. 2018 yil 1 fevraldan boshlab O‘zbekiston Respublikasiga oziq-ovqat tovarlarini import qilish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga taqdim qilingan individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar bekor qilinsin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan respublikaga oziq-ovqat tovarlarini olib kirish bo‘yicha ayrim xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga individual bojxona, soliq va boshqa imtiyozlar, shuningdek, boshqa preferensiyalar taqdim etishni nazarda tutuvchi qarorlarning qabul qilinishi taqiqlansin.

Belgilansinki, ushbu band talablari buzilgan hollarda aybdor shaxslar qonunchilikda belgilangan jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan javobgarlikka tortiladi, — deyiladi farmon matnida.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid