O‘zbekiston | 02:35 / 17.01.2018
36812
2 daqiqa o‘qiladi

2017 yil O‘zbekistonda bolalar o‘limi oshdi. Erkaklar esa ko‘proq vafot etmoqda

Foto: Fotolia

2017 yilda 161,5 mingta o‘lim qayd etilgan bo‘lib, 1000 aholiga nisbatan o‘lim koeffitsiyenti 5,0 promilleni tashkil etdi. Shundan, ayollar o‘limi 73,5 ming nafar, erkaklarniki esa 88,0 ming nafar ni qayd etadi.

Davlat Statistika qo‘mitasi tarqatgan ma'lumotga ko‘ra, 2016 yilning mos davriga nisbatan O‘zbekistonda aholi o‘limi 0,1 promillega oshdi (2016 yilda 4,9 promille bo‘lgan).

Ma'lum qilinishicha, o‘lim koeffitsiyenti 2016 yilning mos davriga nisbatan sezilarli darajada o‘sishi Andijon (5,1 promilledan 5,4 promillega), Jizzax (4,2 promilledan 4,4 promillega), Qashqadaryo (4,1 promilledan 4,3 promillega), Namangan (4,7 promilledan 4,9 promillega), Surxondaryo (4,3 promilledan 4,5 promillega) va Farg‘ona (4,8 promilledan 5,0 promillega) viloyatlarida kuzatildi.

Jami vafot etganlarning 8,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik yoshdagilarga (2016 yilda 8,0 foizi), 27,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdagilarga (2016 yilda 28,5 fozi), 64,2 foizi mehnatga layoqatli yoshdan katta yoshdagilar (2016 yilda 63,5 foiz) hissasiga to‘g‘ri keldi. 2017 yilda vafot etganlar soni 2016 yilga nisbatan 6,7 ming kishiga o‘sib, ularning asosiy qismi, ya'ni 74,6 foizini 60 yosh va undan katta yoshdagi aholi tashkil etgan.

Ro‘yxatga olingan 1 yoshgacha vafot etgan bolalarning 56,4 foizi perinatal davrda yuzaga keladigan holatlardan, 21,1 foizi nafas olish a'zolari kasalliklaridan, 11,9 foizi tug‘ma anomaliyalardan, 3,5 foizi yuqumli va parazitar kasalliklardan, 1,9 foizi baxtsiz hodisa, zaharlanish va jarohatlanishlardan, 0,5 foizi ovqat hazm qilish a'zolari kasalliklaridan va 4,7 foizi boshqa kasalliklardan vafot etgan.

Mavzuga oid