Jamiyat | 16:10 / 18.01.2018
31511
2 daqiqa o‘qiladi

MXX terrorchilik tashkiloti safiga qo‘shilishni rejalashtirgan fuqarolarni qo‘lga oldi

Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari Ichki ishlar vazirligi xodimlari bilan hamkorlikda Suriya davlatidagi “Tavhid va jihod” terrorchilik tashkiloti safiga borib qo‘shilishni rejalashtirgan, Toshkent shahri Olmazor va Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 nafar O‘zbekiston fuqarosini qo‘lga oldi.

Tergov harakatlarida aniqlanishicha, ushbu shaxslar internetdagi Facebook ijtimoiy tarmog‘i orqali “Tavhid va jihod” hamda “Tahribi tolibon” diniy-ekstremistik va terrorchilik tashkilotlarining g‘oyaviy rahnamolari bilan aloqa o‘rnatgan holda O‘zbekiston fuqarolarini jihod maqsadida hijrat qilishga da'vat etib kelishgan.

Ushbu g‘arazli niyatdagi harakatlari evaziga esa ulardan moddiy yordam olib turishgan. Shu bilan birga, internet orqali O‘zbekiston Respublikasining amaldagi konstitutsion tuzumiga qarshi qaratilgan va qo‘poruvchilik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni targ‘ib qilib kelishgan. 

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (“O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish”), 244.1-moddasi (“Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tarqatish”) hamda 244.2-moddasi (“Diniy-ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish”) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, mazkur shaxslar ta'siriga tushgan 23 nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan ham surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda. 

Mavzuga oid