«O‘zbekiston temir yo‘llari» Urganch va Xiva o‘rtasidagi temir yo‘lning 29,6 kilometrini yotqizdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning 27-28 yanvar kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyatning turistik salohiyatini yanada rivojlantirish, undan samarali foydalanish, sayyohlarga Xiva shahrining noyob tarixiy-madaniy va me'morchilik merosi bilan kengroq tanishishi uchun keng sharoitlar yaratish, transport xizmatlari sifatini takomillashtirish bo‘yicha muhim topshiriq hamda tavsiyalar bergan edi. Xususan, tashrif davomida Urganchdan Xivagacha temir yo‘l va Xiva shahrida zamonaviy vokzal barpo etish, bu yo‘lda elektropoyezdlar, kelgusida yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» poyezdi qatnovini yo‘lga qo‘yish ta'kidlangandi.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmatining xabar berishicha, Urganch – Xiva yangi temir yo‘l liniyasini qurish loyihasining qiymati 35,9 million AQSh dollariga teng. Hozirgi kunda uning dastlabki bosqichi, ya'ni po‘lat izlar yotqizish ishlari davom etmoqda va shu kungacha umumiy uzunligi 29,60 kilometr temir yo‘llar yotqizildi. «Boshtransloyiha» aksiyadorlik jamiyati mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan loyihaga ko‘ra, ushbu yangi temir yo‘li joriy yilda foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan. Qurilish-montaj jarayonida jami 831 ming metr kub tuproq ishlari bajarildi. Yo‘l bo‘ylab 124 ta sun'iy inshoot ham barpo etildi. Bunyodkorlik ishlari davomida 6 ta yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurildi.
Bu yerdagi qurilish ishlarini amalga oshirishga 350 nafardan ortiq tajribali ishchi-xizmatchilar, mutaxassislar jalb etilgan. Loyihani belgilangan vaqtida, sifatli va mustahkam qilib amalga oshirish maqsadida 70 ga yaqin qudratli texnika va mexanizmlar kunu tun ishlatilmoqda.
Loyiha doirasida Xiva shahrida bir vaqtning o‘zida 200 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lgan, milliy uslubi uyg‘unlashgan temir yo‘l vokzali ham barpo etilmoqda. Yangi qurilayotgan vokzal binosining tashqi ko‘rinishi Xorazm me'morchiligi namunalarini o‘zida aks ettiradi. Vokzal so‘nggi rusumdagi asbob-anjomlar bilan jihozlanadi. Bu yerda zamonaviy VIP-zali, ona va bola xonasi, tibbiyot xonalari quriladi. Loyihaga ko‘ra binoning kiraverishida zamonaviy va mahalliy uslublar uyg‘unlashgan ko‘rkam foye ham o‘rin olgan. Rejaga muvofiq uning oldi qismida zamonaviy, musiqali favvora o‘rnatiladi. Bu yerda yuqori tezlikdagi Internet xizmatini Wi-Fi texnologiyasi orqali tarqatish uskunalarni o‘rnatish ham ko‘zda tutilgan. Ayni paytda bu yerda qurilish-montaj ishlari davom etmoqda.
Mavzuga oid
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
15:37 / 07.11.2024
Xorazmda kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
13:42 / 28.09.2024
Urganchda O‘zbekiston – Polsha biznes-forumi o‘tkazildi
08:53 / 28.09.2024