13:20 / 20.01.2018
31359

O‘zbek rejissyori 11 sentabr voqealari asosida film suratga olmoqda

Foto: uzbekkino.uz

«O‘zbekkino» Milliy agentligi Badiiy kengashining 19 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishida «101-reys» badiiy film loyihasining taqdimoti Kengash a'zolari tomonidan bir ovozdan ma'qullandi. Bu haqda agentlik saytida xabar berilgan.

Yig‘ilishda 2ta badiiy va 1 ta hujjatli film loyihasi muhokama etilgan, jumladan rejissyor Akrom Shohnazarov hamda Erkin A'zam badiiy rahbarligida tayyorlangan «101-reys» filmi shular sirasidan.

Film real voqeaga asoslangan bo‘lib, unda 2001 yil AQShning Nyu-York shahrida sodir etilgan terrorchilik harakati oqibatida Shimoliy Amerika havo hududida qiyin vaziyatda qolgan – bortida 180 nafar yo‘lovchi bo‘lgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» aviakompaniyasiga qarashli Boing-767 samolyotining 101-reys ekipaji ko‘rsatgan jasorat haqida hikoya qilinadi.

Terrorchilik xuruji sabab, AQSh havo hududiga kirish taqiqlab qo‘yiladi, shu vaqtda Nyu-Yorkning Jon Kennedi nomli aeroportiga yaqinlashib kelayotgan 101- reys ekipaji esa bundan bexabar edi. Havo kemasini qo‘ndirishga hozirlik ko‘ra boshlagan ekipaj a'zolari aeroport dispetcherlaridan rad javobini olgach, samolyot shahar osmonini yana bir necha marta aylanib, Kanada xalqaro aeroportiga yo‘l olishga majbur bo‘ladi.

Biroq shu kuni yo‘nalishini o‘zgartirgan samolyotlarning aksariyati aynan Kanada aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgani sababli, dispetcher 101-reysga faqatgina 3 soatdan keyin qo‘nishga ruxsat bera olishini ma'lum qiladi. Baxtga qarshi samolyotning bitta dvigateli ham ishdan chiqadi va bu kema yo‘lovchilari orasida vahima ko‘tarilishiga olib keladi.

Yoqilg‘i qolmaganligi sabab eng yaqin aeroportga ham yetib bora olmasligi oydinlashib qolgan 101-reys ekipaji o‘ta qiyin bir vaziyatda qolgan edi. Shunda, kema kapitani Zarxo‘ja Saidazimov barcha mas'uliyatni zimmasiga olib, o‘ta xavfli bo‘lsada tavakkal qilishga qaror qiladi...

Top