Jahon | 19:00 / 21.01.2018
9110
2 daqiqa o‘qiladi

Afrindagi operatsiya Suriya suvereniteti buzilishi hisoblanadi – Misr

Misr Suriyaning Afrinida Turkiya amalga oshirayotgan harbiy operatsiyani qat'iyan rad etadi va uni Suriya suverenitetining qo‘pol buzilishi deb hisoblaydi. Bu haqda Misr tashqi ishlar vazirligi bayonotida aytilgan.

“Misr Arab respublikasi Turkiya tomondan Suriyaning shimolidagi Afrin shahrida harbiy operatsiyalar o‘tkazilayotganini qat'iyan rad etadi. Bu Suriya suverenitetining navbatdagi buzilishi hisoblanadi va terrorchilikka qarshi kurashda siyosiy qarorlarga erishish bo‘yicha urinishlarga putur yetkazadi”, deyilgan bayonotda.

Misr tashqi ishlar vazirligi Suriya xalqining iztiroblarini yanada ko‘paytiruvchi har qanday harbiy qarorlarni rad etadi. “Barcha suriyaliklarni birorta ham tomonni istisno qilmaydigan siyosiy jarayon doirasida jiddiy muzokaralarda ishtirok etishga chaqiramiz”, deyilgan tashqi ishlar vazirligi bayonotida va Suriyaning suvereniteti va hududiy yaxlitligi saqlanib qolishi zarurligi ta'kidlab o‘tilgan. 

20 yanvarda Turkiya qurolli kuchlari bosh shtabi Afrinda kurd qurollangan tuzilmalariga qarshi “Zaytun shoxi” operatsiyasi boshlanishini ma'lum qilgandi. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Turkiya harbiy-havo kuchlari samolyotlari operatsiya davomida Afrindagi 153 ta nishonni yo‘q qilgan. Turkiya bosh vaziri 21 yanvarda Suriyada quruqlikdagi operatsiya boshlanishini ma'lum qilgan. Ayni vaqtga kelib Turkiya qurolli kuchlari 5 kilometrlik hududni egallashgan.      

 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid