Jahon | 15:10 / 21.01.2018
10032
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Afrinda quruqlikdagi amaliyotlarga kirishdi

DHA-Depo Photos via AP

Turkiyaning quruqlikdagi kuchlari Suriyaning Afrin mintaqasida kurd harbiy bo‘linmalariga qarshi amaliyotlar boshladi. Bu haqda Anadolu agentligi xabar tarqatdi.

Bu ma'lumotni jurnalistlarga Turkiya bosh vaziri Binoli Yildirim tasdiqlagan. U quruqlikdagi amaliyotlar 4 fazadan iboratligini, Suriya chegarasidan 30 kilometr ichkarigacha bo‘lgan hududda xavfsizlik zonasi tashkil etilishini ma'lum qilgan.

«Afrinda 8-10 ming terrorchi bor», deya Yildirimning so‘zlarini keltirgan Hurriyet agentligi.

Kurdlarning mudofaa kuchlari Turkiya zirhli texnikasiga jiddiy qarshilik ko‘rsatmay, mamlakat ichkarisiga chekinmoqda.

20 yanvar kuni Turkiya «Zaytun butog‘i» operatsiyasi boshlanganini e'lon qildi. Turkiya Suriya hududidagi kurdlar, jumladan, «Demokratik ittifoq» partiyasi va «Xalq mudofaa kuchlari» (YPG) singari kurd tashkilotlariga qarshi harbiy harakatlar olib bormoqda. Quruqlikdagi amaliyotlarni Suriya ozodlik armiyasi qo‘llab-quvvatlamoqda.

Afrin - shu nomli kantonning asosiy shahridir. Suriyadagi kurdlar 3ta kanton bo‘ylab joylashgan (Rojava). Bu hududlardagi kurdlar Suriya Kurdistoni muxtoriyati tuzishga intilib keladi. Turkiya esa bunday muxtoriyat tuzilishi o‘z hududidagi kurdlarni ilhomlantirishi va ular davlatning bir qismini ajratib olishidan cho‘chiydi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid