Jahon | 09:00 / 21.01.2018
10823
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya aviazarbalari oqibatida Afrinda tinch aholi vakillari halok bo‘lmoqda

Foto: AP

Suriyadagi kurdlarning «Xalq o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari» bo‘linmalari (YPG) Turkiya aviatsiyasining Afrin shahriga bergan zarbalaridan keyin tinch aholi vakillari halok bo‘lganini ma'lum qildi. Reuters agentligi tarqatgan xabarga ko‘ra, tinch aholi vakillaridan 7 kishi, jumladan bir bola, shuningdek, Biruska Xasaku bo‘linmasi jangchilaridan 3 kishi halok bo‘lgan.

20 yanvar kuni Turkiya Bosh shtabi Suriyaning Afrin mintaqasida «Zaytun novdasi» nomli operatsiya boshlanganini e'lon qildi.

Harbiy amaliyotdan oldin Turkiya kurdlarga ushbu hududni tark etish talabini qo‘ygandi.

Aviazarbalar kurdlarning «Demokratik ittifoq» (PYD) partiyasi va «Xalq o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari» (YPG) pozitsiyalari tomon berilmoqda.

Turkiya bu kuchlarni o‘z hududidagi Kurdiston ishchilar partiyasiga aloqador hisoblaydi va o‘z xavfsizligiga tahdid sifatida ko‘radi.

Suriya muxolifati hisoblanadigan «Suriya ozodlik armiyasi» ham kurdlarga qarshi Turkiyaga yordam bermoqda.

Turkiya aviatsiyasi shuningdek, AQSh kurdlarga qurol yetkazish uchun foydalangan aerodromga zarba berdi.

Mavzuga oid