Jahon | 20:41 / 22.01.2018
5909
2 daqiqa o‘qiladi

Norvegiya Arktikada gaz va neft qazib olishni davom ettirmoqchi 

Foto: NOAA's National Ocean Service

Norvegiya ekologiya haqida qayg‘urgan va atrof-muhitni muhofaza qilishda qo‘lga kiritilgan fandagi so‘nggi yutuqlarni qo‘llagan holda Arktikada neft va gaz qazib olishni davom ettirishga tayyor. Bu haqda Norvegiya tashqi ishlar vaziri Ine Eriksen Syoreyde Arctic Frontiers anjumanida aytib o‘tdi.

Syoreydening aytishicha, bugungi kunda asosiy vazifa biznes, xo‘jalik faoliyati, barqaror rivojlanish va atrof-muhit haqida qayg‘urish o‘rtasida muvozanat topishdan iborat.

Vazirning fikricha, bunday muvozanatga barcha sohalarda, jumladan foydali qazilmalar olishda ham erishish mumkin. 

U bunga misol qilib Norvegiyaning Statoil kompaniyasini keltirdi. Ushbu kompaniya neft va gaz qazib olishni energiyaning tiklanuvchi manbalari va ekologik loyihalarga investitsiyalar kiritish bilan to‘ldiradi. 

Avvalroq yanvarda Norvegiya hukumatning yangi koalitsiyasi doirasida Arktikaning eng nozik joylarida neft va gaz quduqlari burg‘ilash va geologik razvedka olib borishni 4 yilga taqiqlamoqchiligi ma'lum qilingandi.

Arctic Frontiers xalqaro anjumani 2007 yildan beri o‘tkazib kelinadi. Uning bosh mavzulari Arktikadagi barqaror rivojlanish va xalqaro hamkorlik hisoblanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid