Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qonga belangan Ronaldu, «olovlangan» «Real» va undan qolishmagan «Barselona». La Ligada tur o‘yinlari
«Tribuna» Ispaniya chempionatining 20-turidagi asosiy voqealarga to‘xtalib o‘tadi.
Suares yuztalikni urdi
«Barselona»ning urugvaylik hujumchisi Luis Suares o‘z faoliyatida ikkinchi marta Ispaniya chempionatining qatorasiga yetti o‘yinida gol urdi (bundan avval u bunday seriyani 2015/16 yilgi mavsumda qayd etgandi). La liganing keyingi 50 yillik tarixida ungacha bunday natijani faqat ikki futbolchi qayd etgan: Ferents Pushkash (1959/60 va 1960/61) hamda Krishtianu Ronaldu (2011/12 va 2014/15). Joriy mavsumda doimiy ravishda gol urish borasida eng yaxshi yana bir ko‘rsatkich yana bir urugvaylik hujumchi Edinson Kavaniga tegishli bo‘lib turibdi. U ham Fransiya chempionatida oxirgi 7 o‘yinda maydonni golsiz tark etmadi. Suares «Betis» darvozasiga ikkita gol urish orqali «Barselona» safida La Liga o‘yinlarida urilgan gollari sonini 100taga yetkazdi. U bu borada ko‘k-anorranglilar tarixida bu nuqtadan o‘tgan beshinchi futbolchi bo‘ldi.
Suaresdan tashqari, «bodringlar» jamoasini Messi (ikki marta) va Rakitich ham ranjitdi. Argentinalik va urugvaylik hujumchilar bu mavsumda aql bovar qilmas samaradorlik ko‘rsatishmoqda – ulab birgalikda Ispaniya chempionatida to‘purarlar ro‘yxatini boshqarishmoqda, ikki futbolchi jami 34 gol urgan (15ta Luisda, 19ta Leoda). Ispaniyada faqat 3 jamoa ushbu juftlikning gollaridan ko‘proq gol urgan – «Valensiya» (41), «Real» (39) va «Selta» (35).
Ronalduning qonli dubli
«Real» «Santyago Bernabeu»da «Deportivo»ni yakson etdi. Nacho, Beyl, yana Beyl, Modrich... Nimadir yetishmayotgandi, bunday o‘yinda «Real»ning asosiy hujumchisi tabloda o‘z nomini qoldirmasdan chiqib ketishi mumkin emasdek edi. Oxirgi haftalarda «Real»ning asosiy nyusmeykeriga aylangan, Peres bilan maoshi masalasida kelisha olmayotgan Ronaldu bu o‘yinda o‘z talablarini oqlashi kerak edi. U joriy mavsumda Ispaniya chempionatida juda kam gol urayotgandi. Mavsum yarmidan o‘tib uning hisobida bu o‘yingacha atigi 4 gol mavjud edi. Galisiyaliklarga qarshi o‘yinda u dubl qayd etishga muvaffaq bo‘ldi. Ikkinchi golni urish vaqtida raqib himoyachisining oyog‘i uning boshiga tegdi, uning qoshi yorildi va yuzi qonga belandi.
Shifokor hamorhligida maydondan chiqib keta turib Ronaldu undan smartfonini so‘radi va yuziga qarab afsus bilan bosh chayqadi.
Cherishev «Vilyarreal»ni Chempionlar ligasi zonasiga qaytardi
«Vilyarreal» va «Levante» o‘rtasidagi Valensiya derbisida mezbonlar futbolchisi Denis Cherishev 2016 yilning martidan buyon ilk marta gol urdi. O‘tgan turda «Real» darvozasiga urilgan g‘alaba goliga hammualliflik qilgan rossiyalik futbolchi bu safar o‘z goli bilan g‘alabani ta'minladi (2:1). Endilikda «sariq submarinalar» jamoasi turnir jadvalida beshinchi o‘ringa joylashdi. To‘rtinchi o‘rindagi «Real» bilan oradagi farq 1 ochkoni tashkil qilmoqda.
«Valensiya» Kanar orollarida mag‘lub etildi
Turnir jadvalining eng o‘rtamiyona jamoasi bo‘lmish «Las-Palmas» o‘tgan yilning dekabrida Pako Xemesni bosh murabbiylik lavozimiga tayinlagandi. Ushbu sobiq bezori futbolchi faoliyatining oxirgi qismida «Rayo Valekano»da 4 yil to‘p surgan, keyin uning hayotida «Granada»dagi bir yil kechdi, yana bir yil esa Meksikada o‘tdi. Mana endi u o‘z energiyasi bilan futbolchilarni va muxlislarni o‘ziga jalb eta boshladi. O‘tgan turda uning jamoasi safarda «Jirona»ga yirik hisobda mag‘lub bo‘lgandi, ammo bu safar muhim g‘alabaga erishildi. «Valensiya» bilan Kanar orollari jamoasi bu mavsumda 3 o‘yin o‘tkazishga ulgurgan, Primera startida safarda 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lingan, Ispaniya Kubogi doirasida «Valensiya» maydonida 0:4, uyda 1:1 hisoblari qayd etilgandi. Chempionat doirasida ikkinchi uchrashuv esa g‘alaba bilan tugadi. Bu Xemes jamoaga kelganidan keyingi ilk g‘alaba bo‘ldi. O‘yin o‘ta asabiy ruhda kechdi va «ko‘rshapalaklar» jamoasi o‘yinni 9 kishi bo‘lib yakunladi, hakam Gabriyel va Vezuga o‘yinni to‘liq o‘tkazishga ruxsat bermadi. Bu valensiyaliklar jamoasining chempionat doirasida oxirgi 7 uchrashuvdagi to‘rtinchi mag‘lubiyati bo‘ldi. Lekin jamoa hamon uchinchi o‘rinda ketmoqda, shu bilan birga «Barselona» bilan oradagi farq 14taga yetgan.
«Sevilya» La Ligada 1000-g‘alabaga erishdi
Safarda «Espanol»ni 3:0 hisobidagi mag‘lubiyatga uchratgan sevilyaliklar La Liga tarixidagi yubiley - 1000-g‘alabasini nishonlashdi. «Sevilya» endi bu natijaga erishgan Ispaniyaning oltinchi jamoasidir. Bu ro‘yxatda «Real» (1657), «Barselona» (1598), «Atletiko» (1253), «Atletik» (1215) va «Valensiya» (1199) jamoalari bor. Bu g‘alaba jamoaning yangi bosh murabbiyi Vinchentso Montella boshqaruvidagi ilk g‘alaba ham bo‘ldi. Ayni vaqtda sevilyaliklar turnir jadvalida 32 ochko bilan oltinchi o‘rinda joylashgan.
20-tur o‘yinlari
«Xetafe» – «Atletik» – 2:2 (1:1).
Gollar: Inyaki Uilyams, 13 (0:1). Xorxe Molina, 21 – penalti (1:1). Raul Garsiya, 48 – penalti (1:2). Anxel, 74 (2:2).
Aniq ijro etilmagan penalti: Xorxe Molina (Xetafe), 51 (darvozabon).
«Espanol» – «Sevilya» – 0:3 (0:2).
Gollar: Vaskes, 15 (0:1). Sarabiya, 34 (0:2). Muriel, 90 (0:3).
«Atletiko» – «Jirona» – 1:1 (1:0).
Gollar: Grizmann, 34 (1:0). Portu, 73 (1:1).
«Vilyarreal» – «Levante» – 2:1 (1:0).
Gollar: Trigeros, 26 – penalti (1:0). Cherishev, 50 (2:0). Roxer, 90+4 – penalti (2:1).
«Las-Palmas» – «Valensiya» – 2:1 (1:1).
Gollar: Mina, 5 (0:1). Vera, 20 (1:1). Kaleri, 53 – penalti (2:1).
Chetlatishlar: Gabriel Paulista (Valensiya), 52. Vezu (Valensiya), 87.
«Alaves» – «Leganes» – 2:2 (0:0).
Gollar: El-Haddodiy, 46 (1:0). Pedrasa, 52 (2:0). Gabriel, 75 – penalti (2:1). Saldua, 90 (2:2).
Chetlatish: Eli (Alaves), 87.
«Real» – «Deportivo» – 7:1 (2:1).
Gollar: Adrian, 23 (0:1). Nacho, 32 (1:1). Beyl, 42 (2:1). Beyl, 58 (3:1). Modrich, 68 (4:1). Krishtianu Ronaldu, 78 (5:1). Krishtianu Ronaldu, 84 (6:1). Nacho, 88 (7:1).
«Real Sosedad» – «Selta» – 1:2 (1:1).
Gollar: Villian Joze, 10 (1:0). Aspas, 20 – penalti (1:1). M.Gomes, 75 (1:2).
Aniq ijro etilmagan penalti: Villian Joze (Real Sosedad), 25 (darvoza ustuni).
«Betis» – «Barselona» – 0:5 (0:0).
Gollar: Rakitich, 59 (0:1). Messi, 64 (0:2). Luis Suares, 69 (0:3). Messi, 80 (0:4). Luis Suares, 89 (0:5).
Eybar – Malaga 1:1 (0:1, 1:0)
Gollar: 0:1 – 16 En-Nesiri, 1:1 – 76 Kike.
Chetlatish: Kuzmanovich (90).
Turnir to‘purarlari
Turnir jadvali