Fan-texnika | 20:00 / 24.01.2018
12259
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda innovatsion avtomobil raqamlariga o‘tilmoqda

Raqamli texnologiyalar asrida inson avtomobil raqamlari kabi oddiy narsani ham maksimal darajada ko‘p vazifali qilishga intiladi. Raqam va harflardan iborat metall tablichkadan oddiyroq narsa ham bo‘lishi mumkinmi? Uni qanday yaxshilash mumkin? Reviver Auto kompaniyasi muhandislari va dizaynerlari kelajak avtomobil raqamlari qanday bo‘lishi borasida o‘z qarashlarini taklif qildilar va bu g‘oya AQSh hukumatiga xush keldi. Joriy yildayoq Kaliforniya va Arizona shtatlaridagi haydovchilar 100 mingta raqamli avtomobil raqamlaridan iborat ilk partiyani oladilar. 

Foto: Hi-news

Xo‘sh, bu antiqa raqamlar nimasi bilan ajralib turadi? Quyida bu haqda ma'lumot keltirilgan.

Innovatsion avtomobil raqamlari RPlate Pro deb nom olgan va tashqi ta'sirlar hamda noqulay ob-havo sharoitlaridan himoyalangan kichik displeydan iborat. U avtomobilga oddiy raqamlar kabi o‘rnatiladi. Displeyni internetga Rconnect brauzeri orqali ulash mumkin, shundan keyin unga nafaqat avtomobilning raqamlarini, balki istalgan foydali ma'lumotni chiqarish mumkin bo‘ladi. Displey sirti istalgan ob-havo sharoitida yaxshi ko‘rinuvchi materialdan tayyorlangan.

RPlate Pro monoxrom displeyi qo‘zg‘almas tasvirni akslantirish uchun energiya talab qilmaydi, shu sababli ichki akkumulyatorning energiyasini internet bilan ulanganda yoki bir tasvir ikkinchisiga o‘zgarganda ishlatadi. Raqamli avtomobil raqami yaratuvchilarining aytishicha, bu raqamlar tufayli haydovchilar hayoti osonlashadi. Birinchidan, raqam o‘g‘rilikdan himoya tizimi bilan jihozlangan va bu ortiqcha tashvishlardan xalos etadi. Pullik avtoturargohlarda raqam puli to‘langan vaqtning qanchasi qolganini ko‘rsatadi, raqamda haydovchining istagi bilan istalgan ma'lumot akslanishi mumkin, misol uchun, sevimli sport jamoasining logotipi yoki Qizil xoch jamiyatini qo‘llab-quvvatlashidan darak beruvchi, jamiyatning belgisi chiqib turishi mumkin.

Raqam oq fonda qora ranglar yoki aksincha holda chiqishi mumkin. Agar qayd qilish raqami muddatidan o‘tib ketgan bo‘lsa va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishni talab qilsa, u bu haqda haydovchiga belgi bilan ishora beradi. Bundan tashqari, raqamni muhim e'lonlar uchun tablichka sifatida qo‘llash mumkin, misol uchun, bunday raqamlar bilan shtat rahbariyati xavfli jinoyatchining raqamini e'lon qilishlari mumkin bo‘ladi. Shunda qolgan haydovchilar bundan xabardor bo‘ladilar. Raqamlar yordamida noqulay ob-havo sharoitlari va yo‘llarda tezlikni oshirish xavfidan ogohlantirish mumkin. 

Mavzuga oid