Jahon | 15:16 / 24.01.2018
27680
13 daqiqa o‘qiladi

Qanday qilib kichik mamlakat raqamli davlatga aylanishga muvaffaq bo‘ldi?

Estoniya tomonlarda, Boltiq dengizi qirg‘og‘idagi kichik qishloqda bir g‘aroyib kishi yashaydi. Uni Taavi Kotka deb chaqirishadi, u e-Estonia nomi ostidagi loyiha (davlatni raqamli jamiyatga aylantirishga yo‘naltirilgan hukumat tashabbusi)ning eng asosiy mafkurachilaridan biridir.

Foto: AllThePeople

Kotka to‘rt yil davomida mamlakat hukumatining axborot bo‘limiga rahbarlik qildi. Bu vaqt ichida u fuqarolarning hayotini o‘zgartirishga muvaffaq bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchilar odatda davlat shug‘ullanadigan ishlarning barini - qonunchilik faoliyatidan to soliqlargacha - millatni birlashtirib, yagona platformaga o‘tkazishlari mumkin edi. Endi har bir fuqaro uyidan chiqmagan holatda ovoz berishi yoki avtomobilini noto‘g‘ri joylashtirgani uchun jarima to‘lashi mumkin bo‘ladi.

Foto: E-Estonia

"Biz butun jamiyat ishonadigan, unda o‘z aksini topadigan vazifa qo‘yishni maqsad qilganmiz", - deydi Kotka. The New Yorker jurnalisti Neytan Xellerning so‘zlariga ko‘ra, E-Estonia — davlat boshqaruvini o‘zgartiruvchi texnologik loyiha.

U qanday ishlaydi?

Ushbu tizim foydalanuvchilari o‘zlari haqida bir marta ma'lumot kiritishsa, bas. Shu bois shifokor huzurida yoki bankda qog‘oz to‘ldirish kabi ortiqcha qog‘ozbozlik haqida unutish mumkin. Kerakli mutaxassis chipli individual ID-kartaga biriktirilgan va yagona platformaga to‘plangan zarur ma'lumotni ocha oladi.

Xeller o‘z sayohati davomida e-Estonia elchisi Anna Piperal bilan uchrashdi. U jurnalistga tizim qanday ishlashini ko‘rsatib berdi. Piperal USB-port orqali ID-kartani maxsus qurilmaga qo‘ydi, so‘ng unga tegishli parollardan birini kiritdi (boshqasi raqamli imzo uchun qo‘llaniladi).

Tizim interfeysi ancha sodda bo‘lib chiqdi. Ma'lumot bloklarga bo‘lingan: shaxsiy ma'lumotlar, ko‘chmas mulk, ish va boshqalar. Piperal magistraturada o‘qiydi, hatto shu ham tizimda ko‘rsatilgan. Shuning uchun, deylik, u transportga chipta olayotganida tizim uning talaba ekanini avtomatik ravishda tasdiqlaydi.

Bundan tashqari, qaysi ma'lumotlar shifokorlarga ko‘rinishi mumkinligini o‘zingiz tanlaysiz: masalan, stomatologga ortoped ko‘rigi natijalari kerak emas.

Biznes va yer mulki haqidagi ma'lumotlar ommaviy hisoblanadi, shuning uchun Piperal bir eston siyosatchisi to‘g‘risidagi ma'lumotni jurnalistga ko‘rsatish uchun tizimdan foydalanadi.

Hammasi go‘yo kaftdek namoyon, hatto uning dengiz bo‘yidagi hovlisining sun'iy yo‘ldoshdan olingan suratlari ham bor. Bunday ishlanmalar korrupsiya muammosi birinchi o‘ringa chiqayotgan mamlakatlar hukumatlari tomonidan qo‘llanilayotgani ajablanarli emas.

Foydalanuvchilar ma'lumotlari bir joyda saqlanmaydi (ularga buzib kirilishining oldini olish maqsadida). Buning o‘rniga  X-Road hukumat platformasi alohida serverlarni maxsus shifrlash yordamida birlashtiradi.

Ya'ni shifokor ma'lumotlarni o‘z serverida, bank va maktab esa o‘z serverida saqlaydi. Zarurat tug‘ilganda kerakli xabar shunchaki alohida tarmoqlardan uzatiladi.

X-Road hukumatga tegishli bo‘lsa-da, aksariyat xususiy kompaniyalar o‘z mahsulotlari ishlanmasini uning asosida olib bormoqda. Sekin-asta boshqa mamlakatlar bilan integratsiya kuzatilmoqda — yaqinda platformaga Finlyandiya qo‘shildi. Endi, masalan, retseptli dorilarni istagan yerdan olish mumkin.

Afsuski, barchasi ham onlaynda o‘tayotgani yo‘q. Oila qurmoqchi bo‘lganlar avvalgidek davlat muassasasiga kelib, o‘z xohishini bildirishi kerak. Shu bilan birga, ko‘chmas  mulkni ham internet orqali xarid qilib bo‘lmaydi.

Estoniya aholisi va hududi katta emas, armiyasi ham nisbatan kichik. Davlat xizmatlarining raqamli muhitga o‘tishi 2 foizgacha YaIMni tejash imkonini beradi - respublika NATOdagi ishtiroki uchun xuddi shuncha pul to‘laydi. Shunday ekan, fuqarolar mudofaa xarajatlari uchun to‘lashlariga hojat qolmaydi.

Va bu oxirgi afzallik emas. Raqamli yechimlardan foydalanganda chegaralar yo‘qoladi, zero biror xizmat muayyan bir joyga bog‘lanmagan bo‘ladi. Shuning uchun hukumat 2014 yilda raqamli rezidentlik dasturini yo‘lga qo‘ydi, u xorijliklarga, masalan, respublika bank tizimidan foydalanish imkonini beradi.

Shu bilan birga, Estoniyaning daromad solig‘i Yevroittifoqda eng past hisoblanadi, texnologik tadqiqotlar sohasidagi boshqaruv esa ancha yumshoq (hatto mamlakatning barcha yo‘llarida haydovchisiz avtomobillarni sinovdan o‘tkazishga ruxsat berish rejalashtirilmoqda).

Foto: Getty Images

"Har qanday holatda dunyo bir joyda turmaydi. Biroq biz yopiq bo‘lsak, innovatsiyalar bizni chetlab o‘tadi". 
Vilyar Lubi

Estoniya Iqtisodiyot vazirligining vitse-kansleri

Bunday chora-tadbirlar ko‘plab xalqaro startaplarni jalb qiladi. Biroq Estoniyani ofshor makoni deb bo‘lmaydi, deya o‘z fikri bilan bo‘lishadi Adcash startapi hammuassisi Tomas Padovani. Shunga qaramay, mamlakatda mo‘maygina pul ishlab olish mumkin, ma'muriyat bunga to‘sqinlik qilmaydi - faqat yo‘naltirishi mumkin.

Biroq barcha yutuqlariga qaramay, Estoniya faqat yo‘lning yarmini bosib o‘tgan.

 

Chegarasiz imkoniyatlar

2013 yilda, lavozimiga tayinlanishi bilanoq Taavi Kotkaga kutilmagan ish — Estoniya aholisini ko‘paytirish masalasini hal qilish topshirilgan. Asosiy motiv iqtisodiy bo‘lgan, axir Kotkaning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat katta korxonaga o‘xshaydi va hukumat o‘z xalqini yanada boy qilishga harakat qiladi. U "aholi" tushunchasiga munosabatni o‘zgartirib, muvaffaqiyatga erishishiga ishongan.

Kotka o‘z yondashuvini musiqa sanoatidagi o‘zgarishlarga o‘xshatadi: 20 yil avval hamma disk sotib olib, albomni to‘liq eshitar edik, endi esa aksariyat faqat o‘ziga yoqqan qo‘shiqni tanlaydi.

Qator mamlakatlar ham xuddi shu ishni qilmoqda. Ular zarur kishilarni nafaqat jismoniy, balki virtual jihatdan davlat bilan bog‘lashga harakat qilishmoqda, deya fikrlaydi Kotka. Bu masalada Estoniya ustuvorlikka ega — uning tayyor raqamli infratuzilmasi bor.

Biroq odamlarni aynan qanday jalb qilish mumkin? Yechim mamlakatga kirmasdan Estoniya rezidenti bo‘lish imkonini beruvchi e-Residency nomli dasturda mujassam — hech qanday bojxona yo‘q, dunyoning istalgan nuqtasida ro‘yxatdan o‘tish mumkin.

Foto: e-Residency

Xeller barchasiga 10 daqiqa va 100 yevro sarfladi. Hujjatlar tasdiqlangandan keyin guvohnomani o‘zingizga qulay bo‘lgan istalgan eston konsulligida olishingiz mumkin.

Bu yerda jismoniy resurslar eng katta muammoga aylandi — elchixonalar ishchilari shunchaki qo‘shimcha ish olishni xohlashmagan. Bundan tashqari, vakolatxonalarning o‘zi teng taqsimlanmagan.

Bugunga kelib dasturda 28 ming kishi ishtirok etmoqda. Ularning aksariyati — Rossiya va Finlyandiyadan, keyingi o‘rinlarda Ukraina va Britaniya.

"Ko‘p kompaniyalar uchun xalqaro faoliyat juda murakkab va u katta xarajatlarni talab qiladi". 
Siim Sikkut

e-Estonia loyihasida Taavi Kotkaning o‘rnini egallagan mafkurachi

Tug‘ilish ko‘rsatkichlarini oshirish juda qiyin, bugun e-Residency dasturi bo‘yicha haftalik buyurtmalar soni yangi tug‘ilganlar sonidan oshadi.

 

Tarmoqdagi bunday faollik Tallinning qiyofasida ham o‘z aksini topmoqda. Shunga qaramay, ishlash uchun zamonaviy maydonlar paydo bo‘lishda davom etmoqda va Xeller ularning birida bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi. Lift99 maydonining ochiq rejasi ijodiy erkinlik ruhini qo‘llab-quvvatlaydi.

Inshootlarning bir qismi mashhur shaxslar sharafiga nomlangan xonalarga ajratilgan: Skype asoschisi Niklas Zennstryom yoki venchur investor Ben Gorovitsning xonalari bor. Qo‘ng‘iroqlar uchun xonalar bor — masalan, Barak Obama xonasi.

Lift99'da jami 32 kompaniya ishlaydi, ularning orasida Insly va Leapin kabilar bor. Ular e-Residency doirasida ishbilarmonlarga biznesni yuritishga yordam berishadi.

Xellerning ta'kidlashicha, AQShda ilg‘or ishlanmalarning asosiy manbai xususiy kompaniyalar hisoblanadi. Biroq Estoniyada barchasi o‘zgacha. Ko‘plar hukumatga ishlash uchun o‘z biznesini sotadi, kimdir yurtida ko‘p qiziq islohotlar bo‘layotganini anglab, chet eldan qaytadi.

Respublika rahbariyatining tashabbusi faqat biznesnigina o‘zgartirgani yo‘q. Tizim shifokorlarga yanada samarali ishlashga yordam beradi. Tez yordam shifokorlari X-Road'ga integratsiya qilingan e-Ambulance ilovasi yordamida bemorning elektron kartasiga kirish va kasallikning sababini aniqlay olish imkoniga ega bo‘lishadi.

Keyin, agar operatsiya kerak bo‘lsa, shifokorlar qaytishda hujjatlarni to‘ldirishlari mumkin va jarrohlar bemor kelishiga tayyor bo‘lishadi. Uzoq orollardagi aholi salomatligi ham onlaynda kuzatiladi, shifokorlarga esa bunday hududlarda ko‘p holatlarda ko‘ngillilar yordam berishadi.

Shifoxonalarda tizim bevosita ish jarayonini yo‘lga qo‘yishga yordam beradi. Shifokorlar operatsiyalar grafigini tuzishda undan foydalanishadi, bunda nafaqat ularning sanasi, balki zarur uskunalar va personal ham ko‘rsatiladi. Dorilar hisob-kitobi ham xuddi shunday yo‘lga qo‘yilgan. Shuning uchun agar siz qabul qilayotgan preparatlar o‘zaro nomutanosib bo‘lsa, tizim shifokorni ogohlantiradi, shifokor esa - sizni.

Shu bilan birga, jurnalist umummilliy platforma ustida birinchilar qatorida ishlashni boshlagan Tarvi Martens bilan uchrashdi. Martens avvalboshdanoq ID-kartalar uncha qimmat bo‘lmasligi va majburiy bo‘lishi kerakligiga ishongan.

Finlyandiyani olaylik, deydi u, u yerda ham shunga o‘xshash tashabbus rivojlanmoqda, biroq kartalar qimmat turadi va har bir inson undan foydalanish yoki foydalanmaslikni o‘zi hal qiladi.

Estoniyada bunday muammolar yo‘q, davom etadi Martens, biroq amaliy qo‘llanmalarsiz texnologiyaning foydasi yo‘q. Shu sababli hukumat turli ilovalar ishlab chiqarishni boshladi, ulardan biri uchun mas'uliyat Tarvining zimmasida.

U elektron ovoz berish tizimi ustida ishlamoqda - tizim nafaqat ovoz berish, balki jarayon tugaguncha o‘z qarorini o‘zgartirish imkonini ham beradi. Natija ayon: 2014 yilda barcha ovozlarning uchdan biri onlayn tarzda berilgan.

Raqamli jamiyat

Bugun Estoniyani Yevropa Ittifoqi Kengashi boshqarib kelmoqda, bu esa YeI raqamli sammiti respublika poytaxtida o‘tkazilganidan dalolat beradi.

"Men raqamli jamiyat prezidentiman. Oddiy odamlar mislsiz byurokratiyadan aziyat chekmoqda. Biz bir-birimiz bilan raqobatlashishimiz emas, birlashishimiz, qiyinlashtirish emas, ishonchli aloqalar o‘rnatishga harakat qilishimiz kerak".

Kersti Kalyulayd

Estoniya rahbari, respublika tarixidagi birinchi ayol-prezident

Kalyulayd o‘z nutqida Germaniyaning jamiyatni axborotlashtirish jihatidan Estoniyadan ancha orqada qolayotganini tan olgan Angela Merkelni qo‘llab-quvvatladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hamkorlikdagi ishlar mehnat bozoridagi global o‘zgarishlarga olib keladi.

Albatta, hamma yetakchilar ham bunday o‘ylamaydi. Tereza Mey Brexit'dan keyin o‘z nuqtai nazarini bayon qilgan: "Agar siz dunyo fuqarosi ekanligingizga ishonsangiz, demak, siz hech bir yurt fuqarosi emassiz".

Bugun, aftidan, ko‘p mamlakatlar inqiroz davrini boshdan o‘tkazmoqda. Sobiq imperiyalar milliylik va separatizmga botib ketgan. Diniy mafkuraning o‘sishi bilan davlatchilikning yangi shakllari yuzaga keldi. Shunday ekan, kelgusida fuqarolik siz yashayotgan joy bilan emas, qaysi tizimda ro‘yxatdan o‘tganingizga bog‘liq bo‘lishini tasavvur qilish qiyin emas.

Mavzuga oid