O‘zbekiston | 14:50 / 24.01.2018
23096
2 daqiqa o‘qiladi

Hozircha milliy biometrik pasport xorijga chiqish pasporti sifatida tan olinmadi

Hozircha O‘zbekistonda milliy biometrik pasport xorijga chiqish pasporti sifatida tan olinmaydi. 

9 yanvardan umumxalq muhokamasiga taqdim etilgan «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» davlat dasturi loyihasida amaldagi biometrik pasportni chiqish pasporti (zagranpasport)ga aylantirish hamda mamlakat ichida shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida ID-kartalarni joriy qilish masalasi bor edi.

22 yanvar kuni tasdiqlangan dasturda esa «Fuqarolarga yanada qulay shart-sharoit yaratish maqsadida xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish, O‘zbekiston hududida shaxsni tasdiqlovchi hujjat sifatida ID – identifikatsiya kartasini bosqichma-bosqich joriy etish masalasi nazarda tutiladi», deyilgan. 

Davlat personallashtirish markazi, IIV, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan shu yilning 20 apreliga qadar Fuqarolarning xorijga chiqish tartib-taomillarini soddalashtirish ko‘zda tutiladigan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yildan buyon berilayotgan amaldagi pasport amaliy jihatdan chet elga chiqish pasporti hisoblanib, ko‘plab fuqarolar va ekspertlar ikkinchi pasportning joriy etilishiga qarshi munosabat bildirib, ID-kartalarni yoqlab chiqishgandi.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid