Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
26 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta'lim markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Surxondaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov Facebook’dagi o‘z sahifasida ma'lum qilgan.
Yangi o‘quv markazida Afg‘oniston tomoni ehtiyojlaridan kelib chiqib, 17 ta oliy va 16 ta o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'lim yo‘nalishi o‘quv rejalarining modullashtirilgan shakli ishlab chiqilgan. Qo‘shni davlatning ilmga chanqoq yoshlariga o‘zlari tanlagan kasb sirlarini chuqur o‘rgatish uchun O‘zbekistondagi oliy ta'lim muassasalaridan malakali professor-o‘qituvchilar jalb etilgan. Shuningdek, oliy ta'lim muassasalari korporativ tarmog‘i orqali “Elektron ta'lim tarmog‘i”ga ulanib, O‘zbekistonning istalgan oliy ta'lim muassasasi yetuk olim va mutaxassislari tomonidan videokonferensiya orqali masofadan turib mashg‘ulot o‘tkazish imkoniyati mavjud.
Ta'lim markazining ilk talabalari o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishiga qabul qilindi. Ular ikki yil davomida soha bo‘yicha yetuk mutaxassis bo‘lib yetishadi.
Markazning ko‘p qavatli muhtasham o‘quv binosi, 110 o‘ringa mo‘ljallangan talabalar yotoqxonasi, axborot-resurs markazi, sport zali va sport maydonchalari, oshxona afg‘onistonlik talabalar uchun xizmat qiladi. Binoda kimyo va fizika kabi fanlarni chuqur o‘zlashtirish, temir yo‘l transporti tizimini puxta o‘rganish uchun lingafon xonalari, laboratoriyalar tashkil etilgan. Maishiy, savdo va boshqa xizmatlar ko‘rsatadigan shoxobchalar mavjud.
Axborot-resurs markazi iqtisodiy-texnik va ijtimoiy-gumanitar yo‘nalishlardagi fanlar bo‘yicha yetarli o‘quv va yordamchi darsliklar, badiiy va ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar, O‘zbekistonda ishlangan 50 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, audioto‘plamlar disklari bilan to‘ldirilgan. Elektron kutubxona tizimiga lotin alifbosidagi 700 dan ziyod elektron adabiyot joylashtirilgan.
“Kelgusida markazni yanada kengaytirish, yozgi oshxona va novvoyxona, hammom va kir yuvish binosini yangidan qurish rejalashtirilgan. 300 o‘rinli qo‘shimcha yotoqxona barpo etish mo‘ljallangan. O‘quv ishlab chiqarish ustaxonasi rekonstruksiya qilinib, yangi bino quriladi. Afg‘onistonlik talaba-yoshlarning o‘qishi, kasb o‘rganishi, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratiladi”, - deb yozadi viloyat hokimi.
Tantanali tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov hamda Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidentining iqtisod va inson resurslari bo‘yicha katta maslahatchisi Humoyun Qayumiy yangi ta'lim markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat yozib qoldirdi.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024