Sport | 20:28 / 26.01.2018
7579
2 daqiqa o‘qiladi

Australian Open: Federer “Katta dubulg‘a” musobaqalarining 30-finalida o‘ynaydi

Foto: ausopen.com

Shveytsariyalik tennischi Rojyer Federer “Katta dubulg‘a” musobaqasining mavsumdagi ilk musobaqasi – Avstraliya chempionatining ikkinchi finalchisi bo‘ldi. Melburndagi musobaqada 2-raqamli o‘yinchi sifatida ishtirok etayotgan faxriy tennischi finalda Australian Open’ning 6-raqamli tennischisi, xorvatiyalik Marin Chilich bilan uchrashadi.

Federer yarim finalda joriy musobaqaning “kashfiyoti”, koreyalik Xen Chon bilan uchrashdi. Koreyalik tennischi uchrashuv Federer foydasiga 1:6, 2:5 hisobida davom etayotganda o‘yinni davom ettirishdan bosh tortgan. Federer shu tariqa “Katta dubulg‘a” seriyasiga kiruvchi musobaqalarning 30-finaliga chiqdi va agar yutsa, seriyadagi 20-unvonni qo‘lga kiritadi.  

Federer va Chilich rasmiy uchrashuvda 9 marta uchrashishgan, ustunlik 8:1 hisobida Federer tomonda. 

Avstraliyadagi musobaqaning erkaklar o‘rtasidagi amaldagi g‘olibi Federer, ayollar o‘rtasidagi g‘olibi esa Serena Uilyams hisoblanadi.

Musobaqaning mukofot jamg‘armasi 43 mln 54 ming dollarni tashkil qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов

Mavzuga oid