Sport | 00:27 / 26.01.2018
7880
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadan qishki Olimpiadaga 169 sportchi boradigan bo‘ldi

Foto: Championat.asia

Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi Rossiya Olimpiya qo‘mitasining (ROQ) Pxyonchangdagi Olimpiadaga yakuniy arizasini tasdiqladi. Unga ko‘ra, Olimpiadaga 169 nafar rossiyalik sportchi boradi. Bu haqda ROQning birinchi vitse-prezidenti Stanislav Pozdnyakovga iqtibos keltirgan holda “Interfaks” axborot agentligi ma'lum qildi. 

Rossiyadan Olimpiadaga kuzatuvchi personal bilan birgalikda 340 kishi boradi.

“Afsuski, bizning yetakchi sportchilar arizaga kiritilmadilar, biz bu borada XOQ bilan ikki kun ishladik. Ishonamanki, tarkibimiz ozayganiga qaramasdan, Olimpiadaga boradigan har bir sportchi nafaqat o‘zi uchun, balki bizning nuqtai nazardan, Olimpiadadan nohaq chetlatilganlar uchun ham bellashadi”, deb aytgan Pozdnyakov.

2014 yilgi Sochidagi Olimpiadaga 15 ta sport turi bo‘yicha 225 rossiyalik sportchi tanlangandi. O‘shanda Rossiya terma jamoasi sportchilar soni bo‘yicha AQShdan keyin 2-raqamli terma jamoa bo‘lgandi. AQShdan Sochiga 230 sportchi borgandi.

XOQ ko‘pgina yetakchi rossiyalik sportchilarni Olimpiadaga qo‘ymadi. Ular orasida short-trekchi Viktor An, biatlonchi Anton Shipulin, chang‘ichi Sergey Ustyugov, figurachilar Kseniya Stolbova va Ivan Bukin kabi nomdor sportchilar bor. Ta'kidlanishicha, bu yetakchi sportchilarsiz rossiyalik sportchilar barcha turlar bo‘yicha medallarga imkoniyatdan deyarli mahrum bo‘ladilar.

XOQ Rossiya terma jamoasini Olimpiadadan doping mojarosi sababli chetlatdi. Olimpiadaga dopingga aralashmagan “toza” sportchilarnigina qo‘yishga qaror qilingan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid