O‘zbekiston | 17:56 / 26.01.2018
32127
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston hukumati paxta-to‘qimachilik sohasi bo‘yicha yangi qaror qabul qildi

Foto: KUN.UZ

Paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishni tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining ijtimoiy tarmoqdagi “Huquqiy axborot” kanalida xabar berilgan.

Qarorga asosan hududlarda paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari tashkil etilmoqda.

Ushbu ishlab chiqarish - to‘qimachilik sanoati korxonalari hamda fermer xo‘jaliklari o‘rtasida paxta xomashyosini yetishtirish va yetkazib berish yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kontraktatsiya shartnomasini tuzish asosida tashkil etiladi.

Qaror bilan quyidagilar belgilanmoqda:

lizing asosida texnika xarid qilish, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i va kimyoviy himoya vositalari yetkazib berish bo‘yicha fermer xo‘jaliklariga nazarda tutilgan shartlar paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlariga ham tatbiq etiladi;

paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish doirasida o‘z ehtiyoji uchun ishlab chiqilgan paxta tolasi ixtiyoriy asosda sertifikatlanadi;

ishlab chiqarilgan paxta tolasining o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlaridan oshadigan hajmlari paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar yoki birja orqali boshqa mahalliy iste'molchilarga sotiladi;

paxtadan olingan chigit, keyinchalik mahsulotni qaytarish asosida yog‘-moy korxonalariga, yog‘-moy mahsulotini keyinchalik birja savdosi orqali realizatsiya qilish sharti bilan, qayta ishlangan chigit chiqindilari (shrot, sheluxa) esa to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha birinchi navbatda fermer xo‘jaliklariga, sotiladi.

Hujjatning to‘liq matni bilan www.lex.uz orqali tanishish mumkin.

 

Mavzuga oid