Sport | 17:11 / 27.01.2018
9408
1 daqiqa o‘qiladi

Australian Open g‘olibasi ma'lum bo‘ldi

Foto: EPA

Daniyalik Karolina Voznyatski tennis bo‘yicha Avstraliya Ochiq chempionati finalida ruminiyalik Simona Xalepni mag‘lubiyatga uchratdi.

Bahs 2 soatu 53 daqiqa davom etdi va 7:6 (7:2), 3:6, 6:4 hisobida yakunlandi. Xalep hal qiluvchi setda 4:3 hisobida oldinda borayotgandi, biroq keyinchalik qatorasiga uch geymda imkoniyatni boy berdi. Har ikki tennischi qiz ham uchrashuv davomida shifokorlar xizmatidan foydalandi.

27 yoshli daniyalik tennischi o‘z faoliyatida birinchi marta «Katta dubulg‘a» musobaqasida g‘alaba qozondi, bunga qadar u ikki bora finalda mag‘lub bo‘lgandi: 2009 va 2014 yilda AQSh Ochiq chempionatida. Dushanba kuni Voznyatski Ayollar tennis assotsiatsiyasi (WTA) reytingida birinchi o‘rinni egallaydi va Xalepni ortda qoldiradi.

Yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan erkaklar o‘rtasidagi finalda shveysariyalik Rojyer Federer va xorvatiyalik Marin Chilich kuch sinashadi.

Mavzuga oid