Bill Geytsning 1999 yilgi taxminlari hayotda tasdig‘ini topdimi?
1999 yilda Bill Geyts "Fikr tezligidagi biznes" (Business @ the Speed of Thought) nomli kitobini yozgan. Unda ishbilarmon 15 dadil prognoz qilgan, bu taxminlar o‘sha paytlar mislsiz fantaziyadek tuyulgan. Biroq vaqt ularning haqiqat bo‘lib chiqqanini ko‘rsatdi. BusinessInsider shu haqidagi maqolasi bilan bo‘lishdi.
1. Narxlarni taqqoslash servislari
Geytsning prognozi: "Narxlarni taqqoslovchi avtomatlashtirilgan servislar ishlab chiqiladi, ular odamlarga u yoki bu tovarning biryo‘la bir necha saytdagi narxini ko‘rish imkonini beradi va shu tariqa minimal narx qidiruvini yengillashtiradi".
Real hayotda: Kerakli mahsulot qidiruvga berilganda Google yoki Amazon turli narxlarni ko‘rsatishi mumkin. PriceGrabber yoki Bing Shopping kabi maxsus saytlar narxlardagi farqlarni namoyish etib, ularni tushunishga yordam beradi.
2. Mobil qurilmalar
Geytsning prognozi: "Kelajakda odamlarga doim aloqada bo‘lish va qayerda bo‘lsa ham, ishlar bilan shug‘ullanish imkonini beruvchi kichik mobil qurilmalar paydo bo‘ladi. Ular yangiliklarni ko‘zdan kechirishi, aviachiptalarni izlashi, birja savdolarida qatnashishi mumkin bo‘ladi".
Real hayotda: Smartfonlar, smart-soatlar, ko‘p funksiyali kolonkalar va virtual reallik ko‘zoynaklari istagan vaqt har qanday ma'lumotni topish imkonini bermoqda.
3. Onlayn tibbiy xizmatlar va tezkor to‘lovlar
Geytsning prognozi: "Odamlar internet orqali to‘lovlarni amalga oshirib, byudjyetni boshqarishlari va shifokorlar bilan muloqot qilishlari mumkin bo‘ladi".
Real hayotda: Sog‘liqni saqlash tizimiga texnologiyalar nisbatan sekin kirib borayotganiga qaramay, muayyan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda - sekin-astalik bilan, lekin to‘g‘ri yo‘nalishda. Bemorlarga shifokorlarni topib beruvchi va o‘z tashrifini rejalashtirish imkonini beruvchi saytlar paydo bo‘lmoqda. Tezkor to‘lovlarga kelsak, bu yerda PayPal va shunga o‘xshash tizimlar yetakchilik qilmoqda.
4. Personal assistentlar va "internet-buyumlar"
Geytsning prognozi: "Barcha uy va ofis jihozlariga ulana oluvchi hamda ularda saqlanuvchi ma'lumotlarni sinxronlovchi va almashuvchi personal assistentlar ixtiro qilinadi. Qurilmalar sizning pochtangizni tekshiradi, kerakli ma'lumotni izlaydi va yangilanishlar haqida ogohlantiradi. Do‘konga chiqayotib, yordamchiga kulinar rejalaringiz haqida xabar qilishingiz mumkin - shunda uning o‘zi kerakli ingridiyentlar ro‘yxatini tuzib chiqadi. Assistent zamondan orqada qolmay, qurilmalarni sizning xaridlaringiz va taqvimingizdan xabardor qiladi".
Real hayotda: Google Assistant va Amazon Alexa virtual ovozli yordamchilari Geytsning haq ekani isbotiga aylandi — kerakli ma'lumotni topish uchun ovoz chiqarib savol berishning o‘zi kifoya. "Aqlli" qurilmalar esa sizga tegishli ma'lumotlarni to‘playdi va uyingizdagi haroratni nazorat qiladi.
5. Uyni nazorat qilish tizimlari
Geytsning prognozi: "Nazorat tizimlari" oddiy holatga aylanadi. Kameralar siz uyda yo‘qligingizda kimlar kelganini ko‘rsatadigan bo‘ladi".
Real hayotda: Bu prognoz ayni nishonga borib urilgan. Juda ko‘p kompaniyalar — Canary, Ring, Netgear, Nest — telefon ekranidan vaziyatni kuzatish imkonini beradi va sizni uyingizga biror kimsa yaqinlashayotgani haqida xabar beradi.
6. Ijtimoiy tarmoqlar
Geytsning prognozi: "Tor doiradagi do‘stlar va qarindoshlar uchun yopiq saytlar paydo bo‘ladi, u yerda bir-biriga hamfikr insonlar xotirjam muloqot qilishi va birgalikdagi tadbirlarni rejalashtirishi mumkin".
Real hayotda: Oilaviy saytlar mashhur bo‘lmadi, biroq ularning o‘rniga Facebook, WhatsApp, Instagram, Snapchat, Line, Slack kabi ijtimoiy servislar paydo bo‘ldi, ular yordamida alohida guruhlarda muloqotni qo‘llab-quvvatlash mumkin.
7. Individual reklama takliflari
Geytsning prognozi: "Sizning band qilish tizimingizni kuzatish imkonini beruvchi dasturiy ta'minot paydo bo‘ladi va shu ma'lumot asosida tanlangan maqsadli punktda sizga turli ko‘ngilochar mashg‘ulotlar taklif qiladi. Reklama aynan sizning ehtiyoj va qiziqishlaringiz asosiga quriladi — chegirmalar, aksiyalar va turli tadbirlarni taklif qiladi".
Real hayotda: Sayohatlarni tashkillashtiruvchi saytlar haqiqatda avvalgi xaridlar asosida muayyan joylarga sayohat qilishni taklif qiladi. Google va Facebook sizning joylashuvingiz va qiziqishlaringizga qarab vaqtni qanday o‘tkazish mumkinligiga ishora qiladi. Airbnb esa bevosita mahalliy aholidan turar-joy ijaraga olish va oddiy sayyohdan ko‘ra ko‘proq mehmondek his qilish imknini beradi.
8. Real vaqt rejimida sport hodisalarini muhokama qilish
Geytsning prognozlari: "Televideniyedagi musobaqalarni ko‘rish vaqtida ekranda nima bo‘layotganini muhokama qilish va g‘alabaga stavka qilish mumkin bo‘ladi".
Real hayotda: Endi ijtimoiy tarmoqlardagi aksariyat saytlar shunday funksiyaga ega, Twitter bu borada yetakchi hisoblanadi — u hatto oqimli uzatishda ham tajriba qilgan. Ba'zi sport saytlarida esa real vaqt rejimida izohlar qoldirishingiz mumkin bo‘ladi.
9. "Aqlli" reklama
Geytsning prognozi: "Qurilmalarning dasturiy ta'minoti sizning xaridlarga doir so‘rovlaringizni taniy oladi va ana shu so‘rovlar asosida sizning didingizga mos reklama e'lonlarini taqdim etadi".
Real hayotda: Shunchaki Facebook yoki Google'dagi e'lonlarni ko‘zdan kechiring — aksariyat reklama onlayn-servislari kliklar, qiziqishlar va xaridlar tarixini tahlil qiladi.
10. Jonli efirdagi saytlarga havolalar
Geytsning prognozi: "Teletranslyatsiya siz ko‘rayotgan narsalarni to‘ldiruvchi tegishli veb-saytlar va kontentlarga havolalarni o‘z ichiga olgan bo‘ladi".
Real hayotda: Deyarli har bir tijoriy kanal foydalanuvchiga kerakli sahifaga o‘tish, biznes yangiliklarini kuzatish yoki QR-kodlarni skanerlash imkonini beradi.
11. Internet-forumlar
Geytsning prognozi: "Turli shahar va mamlakatlar aholisi tarmoq orqali o‘zlarini qiziqtirgan mavzularni muhokama qilishlari mumkin, u xoh mahalliy siyosat, xoh shaharsozlik yoki xavfsizlik bo‘lsin".
Real hayot: Xorijning qator yangiliklar saytlarida onlayn rejimda teletomoshabinlar bilan o‘zaro aloqaga kirishuvchi izohlar uchun maxsus joylar bor. Shuningdek odamlar maslahat so‘rashi yoki o‘z fikrini bayon qilishi mumkin bo‘lgan forumlar bor.
12. Foydalanuvchilarni qiziqishlari bo‘yicha taqsimlash
Geytsning prognozi: "Internet-muloqot joylashuvga emas, umumiy qiziqishlarga tayanadi".
Real hayotda: Yangiliklar saytlari va onlayn-jamiyatlarning barcha turlari alohida mavzularga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Ko‘plar u yoki bu mavzularni chuqur muhokama qilishga sharoitlar yaratishadi.
13. Loyihalarni boshqaruvchi dasturiy ta'minot
Geytsning prognozi: "Internetda rahbarlar jamoa to‘plashi, loyihalarni muhokama qilishi va xodimlar haqidagi fikrlarni o‘qishi mumkin bo‘ladi".
Real hayotda: Slack, Asana va Trello kabi ko‘plab korporativ dasturlar ishga yollash va ishni taqsimlash usullarini to‘liq o‘zgartirishdi. Fiverr va Gigster kabi kompaniyalar esa kompaniyalarga muayyan loyiha uchun iste'dodli ijodkor insonni topishga yordam beradi.
14. Onlayn-rekruting
Geytsning prognozi: "Ish qidirayotgan odamlar buni internetda amalga oshiradi — u yerda ular o‘z talablari va asosiy ko‘nikmalari haqida so‘zlab bera olishadi".
Real hayotda: LinkedIn kabi saytlar foydalanuvchilarga rezyume yuklash va o‘z qiziqishlari hamda ehtiyojlari asosida ish izlash imkonini beradi. Kadrlar bo‘limi xodimlari esa o‘z kompaniyasiga kerakli ko‘nikmalarga ega xodimlarni izlashlari mumkin.
15. Frilans birjalari
Geytsning prognozi: "Kompaniyalar faoliyat doirasidan qat'i nazar, o‘z loyihalarining shtatdan tashqari ijrochilarini tanlashlari mumkin. Autsoringni notipik ishga bermoqchi bo‘lgan firmalar bundan foydalanadi, yangi mijozlarni izlaydi yoxud u yoki bu sohada shtat professionallariga ega bo‘lmaydi".
Real hayotda: Ish izlash uchun ko‘plab saytlar, shu bilan birga, Upwork, Craigslist va Fiverr kabi frilanser saytlari mavjud, ular kichik biznes korxonalariga - mijoz izlash, mutaxassislarga esa - masofadan ishlash imkonini beradi.
Mavzuga oid
23:20 / 03.10.2024
Bill Geyts sun’iy intellekt oldidagi uchta asosiy qo‘rquvini aytdi
10:17 / 01.12.2023
Bill Geytsdan yil yakunida 3 ta kitob – milliarder qanday kitoblar tavsiya qildi?
23:05 / 24.11.2023
Sun’iy intellekt tufayli insoniyat uch kunlik ish haftasiga o‘tadi – Bill Geyts
12:21 / 15.06.2023