Jamiyat | 14:45 / 29.01.2018
12395
3 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri: Korrupsiyaviy xatar mavjud

Foto: Fotolia

Jamiyat taraqqiyotiga, fuqarolar manfaatlariga putur yetkazuvchi bu illat - korrupsiyadan qutilish uchun adliya tizimida yangicha yondashuv asosidagi amaliyot joriy etiladi. 

“Manmanlik, qo‘pollik, oddiy odamlarga past nazar bilan qarab g‘o‘ddayib yuradigan xodimlar oramizda yo‘q emas. Aynan mana shundaylarning hech narsadan tap tortmasligi, korrupsiyaga yo‘l qo‘yishi ehtimoldan xoli emas. Xodimlar ustidan tushgan shikoyatlarni o‘rganish asnosida biz shunga amin bo‘lmoqdamiz”.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov adliya idoralarining kengaytirilgan hay'at majlisida shunday fikr bildirdi, deb yozmoqda O‘zA. 

Bunday holatlarga, xususan korrupsiyaviy xatarga barham berish maqsadida vazirlik tomonidan “xavfli guruh” ro‘yxati shakllantirilgan. Bu guruhga ustidan shikoyat tushgan, faoliyatida xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan xodimlar kiritilgan. Shu paytgacha faqat rahbariyatga ma'lum bo‘lgan bu guruhga tushib qolganlarga xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarib, faoliyatida yaxshi tomonga o‘zgarish yasash vazifasi qo‘yilgan. Buni uddalaganlar guruhdan chiqarilgan, uddalay olmaganlarga tegishli choralar ko‘rilgan. 

Hay'at majlisida endilikda bu guruhni ochiq bazaga aylantirish, ya'ni uni hammaga ma'lum holda yuritish rejalashtirilayotgani aytildi. 

Zero, xalqqa huquqiy yordam berishi kerak bo‘lgan oliy ma'lumotli yurist har tomonlama madaniyatli va bilimli bo‘lishi shart. Biroq fuqaro oldiga biror masalada yordam so‘rab kelsa, azbaroyi bosh qotirishni istamaganidan “men buni bilmayman, boshqa notariusga boring” deydiganlar ham uchrab turibdi. Adliya sha'nini yerga uradigan bunday xodimlar ham shu guruhga kiritiladi. 

Qo‘yilayotgan talablar, qanchalik tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramay hamon eskicha uslubda ishlashdan voz kechishni istamaydigan xodimlar bor. Qo‘pol qilib aytganda, qachongacha ularga igna sanchib turish kerak? 

Adliya vaziri “Xavfli guruh”ga oid ochiq bazaning xolis mezonlarini ishlab chiqilayotganini ma'lum qildi. Nafaqat xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘yayotgan, balki tizimni toifa va guruhlarga bo‘linib, o‘zaro poyga maydoniga aylantirayotgan, ustidan aholi shikoyat yo‘llayotgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidga uchrayotgan xodimlar shu bazadan joy oladi. Fuqarolarning murojaatlariga befarq qarayotgan xodimlar ham bundan mustasno bo‘lmaydi. 

Bu baza ta'bir joiz bo‘lsa katta chuqurlik. Undan chiqishni eplay olmaganlar adliya xodimi bo‘lmaydi. Bundan buyon sohada xalqqa fidoyilik bilan halol xizmat qiladiganlargina faoliyatini davom ettiradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid