INTeRVYu | 20:18 / 30.01.2018
51051
8 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryo hokimi bilan suhbat: Sayxunobod, elektr energiyasidagi muammolar, «Natasha» va «Masha»lar hamda nafsni tiyish

KUN.UZ tahririyati jurnalistlari Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurib, viloyat hokimi G‘ofur Mirzayev bilan ochiq muloqot o‘tkazdi, aholi murojaatlari bilan ishladi. Hokim bilan suhbatda elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlar, yo‘llar holati, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, tabiiy gaz, ko‘mir va suyultirilgan gaz ta'minoti, korrupsiya muammosi va boshqa mavzular yuzasidan muloqot qilindi.

 Sayxunobod hokimi masalasi 

«To‘g‘ri, o‘zim ham qattiqqo‘lman, talabchanman. Lekin hech qachon birovning shaxsiyatiga tegadigan gap gapirmayman. Chunki prezidentimiz suhbat davomida menga ko‘p narsalarni aytgan. Hech qachon insonlarni haqoratlab, shaxsiy manfaatiga zarar yetkazadigan gaplar bilan xo‘rlamaslik kerak. Men har bir yig‘ilishimda bu bo‘yicha alohida gapiraman. Bizda ma'rifat, ma'naviyat birinchi darajada. Qattiqqo‘llik degani – bu odamni urish, haqorat qilish degani emas. Bundan yiroq bo‘lishi kerak odam. Ta'sirchan gaplar ko‘p, lekin uning birinchi qilgan xatosi – ko‘pchilikni, hammasini to‘plab, bir-birini haqorat qilsa, yonida turgan ikkinchi kishiga baribir tegib ketadi.

Men bu gaplar chiqqan kuniyoq o‘sha yerga yetib borganman. Borib, hammani yig‘ib: «Noto‘g‘ri ish qilgansiz, butun xalqdan kechirim so‘raysiz», deganman. Kechirim so‘ragan o‘sha yerda. O‘shanda paxta payti edi, shuning uchun odamlarga ta'sir qilmasligi uchun ishdan olinmadi. Lekin bu boradagi tegishli jarayonlar davom ettirildi, prokuratura ham o‘z tekshiruvini olib bordi. Endi u yerga tajribali, o‘zini bosib olgan, hamma tomonlama shoshilmaydigan odamni hokim qildik». 

Elektr energiyasi muammosi

«Gaz bo‘lmaganidan keyin elektr energiyasini ikki barobar hajmda iste'mol qilish boshlanadi. Agarda biz gaz, ko‘mir bilan ta'minlay olmasak, unda hamma yuklama elektr energiyasiga tushadi. Qaysi tumanga borsam, birinchi bo‘lib o‘tgan yili qancha o‘chgani bilan qiziqaman. Bu bo‘yicha muammolarimiz bor. Prezidentimiz bizga juda katta imkoniyat yaratib beryapti. Agarda shu ish amalga oshsa, Sirdaryoda muammo bo‘lmaydi. Shirinda respublikaning 25 foizini ta'minlaydigan elektrstansiya bor. Hozirda rossiyaliklar bilan birgalikda uning rekonstruksiya ishlari ketmoqda, ayni damda 2 tasi ta'mirlanmoqda. Shunda ham sifat yaxshilanadi, ham uzilishlar kamayadi. Ikkinchisi, Sardoba suv omborida Xitoy texnologiyasi asosida kichik gidroelektrstansiya ham quriladi. Hozir lekin muammolar bor, uzilishlar bo‘lyapti. Ko‘p ulanganidan keyin yuklama kuchaymoqda, transformatorlarga og‘irlik tushyapti. Bu bo‘yicha ham ishlayapmiz».

Yo‘llar qachon tartibga keltiriladi?

«Viloyatda 3813 kilometr ichki avtomobil yo‘llari mavjud. Viloyat avtomobil yo‘llarini ta'mirlash, saqlash bo‘yicha bitta kichik tashkilot bo‘lgan. Kelganimizdan keyin bu tashkilotni tubdan takomillashtirish, alohida rivojlantirish, modernizatsiya qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qildik. Sutkasiga 50 tonnaga yaqin asfalt ishlab chiqaradigan kichik zavod bor edi, hozir yangi zavod olib keldik. 2017 yilda yo‘lning qurilishiga 2016 yilga qaraganda ikki yarim barobar ko‘proq mablag‘ ajratildi. Biroq  bugungi kunda ichki xo‘jalik yo‘llarining 3160 kilometr qismi yoki 83 foizi ta'mirtalab ahvolda. 2018 yilda 136 kilometr yo‘lni ta'mirlash belgilangan. Yo‘llar landshaftini ham tartibga keltirmoqdamiz, birinchi qatoriga archa, so‘ng qayrag‘och, uchinchisiga akatsiya kabi o‘zimizning daraxtlarni ekib, olti qatorli ko‘rinishga keltiriladi. Bu Chinozdan boshlanib, to Dashtobodgacha qilinadi».

Gaz va ichimlik suvi

«Tabiiy gaz, ko‘mir va suyultirilgan gaz bilan ta'minlash masalasi bo‘yicha kuzda alohida dastur asosida ishladik. Bizda nafaqat 100 foiz aholi, balki xalq ta'limi sohasi ham, boshqa sohalar ham qattiq yoqilg‘ida isitiladi. Bir yilda hammasini qila olmadik, lekin ishlarni faollashtiramiz. Bizda gazdan ko‘p joylarda noqonuniy ravishda foydalanishgan. 6,5 – 7 milliard so‘mlik qarzga egalar ham bor. Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yaxshi ko‘rildi, lekin ba'zi muammolar uchrab turibdi. Bundan tashqari, gazning hamma quvurlari yerning tagidan olib o‘tilgan, bu ham Sirdaryo sharoitiga to‘g‘ri kelmas ekan. Toza ichimlik suvi bo‘yicha ham hali qiladigan ishlarimiz ko‘p. Sababi, birinchidan, hamma joyda ham suvlarimiz sifat jihatidan talabga javob bermaydi. Ikkinchidan, suv bo‘yicha cho‘l tumanlarimizda eng og‘ir vaziyat. Suv ta'minotini yana 20 foizga yaxshilaymiz».

«Nafsni tiyish oiladan boshlansa, u jamiyatda korrupsiya bo‘lmaydi»

«Korrupsiya har qanday mamlakatda bor. Buni tugatish uchun, birinchi navbatda, halollik, poklik kerak. Rahbarni chiritadigan, unga ishonchsizlik paydo qiladigan narsa – poraxo‘rlik. Korrupsiyani yuz foizga yo‘qotishga harakat qilaveramiz, lekin buni haqiqatan ham yo‘qotish uchun shaffoflik bo‘lishi kerak. Har bir rahbar hech narsani yashirmasligi lozim. Birinchi navbatda, o‘zimizdan boshlashimiz zarur. Men hayotimda isbotlaganman – oylikka yashasa bo‘ladi! Hamma joyda ham qiyinchilik bor, lekin yengib o‘tishni bilish kerak. Oilani ham shunga ko‘niktirish, tiyib turish kerak. Nafsni tiyish degan narsani oilada ham o‘rgatish kerak. Masalan, mening o‘zim shu yerdagi oddiy oshxonada ovqatlanaman, lekin har oyda pulini to‘layman. Dalaga chiqqanda esa, har doim ham ovqat termosim, ham qo‘l termosim yonimda. Men bir yildan ortiq ishlayapman, shu paytgacha biror tumanda ovqat yemaganman. Korrupsiyani yo‘qotish uchun rahbarning o‘zi namuna bo‘lishi kerak. O‘zingiz tozamisiz, atrofingiz, o‘rinbosarlar ham shunga qarab ketadi».

Ajrimlar, «Natasha», «Masha»lar…

«Ajrim ertaga jinoyatga ham olib kelishi mumkin. Sababi ayol ikki bola bilan qolib ketyapti, eri ajrashib “Natasha”, “Masha”lar bilan ketib qolmoqda. Ayolning o‘zi qolyapti, o‘z joniga qasd qilishlar ham shundan kelib chiqmoqda, bola tarbiyasi e'tibordan chetda qolmoqda. Buning tagida juda katta narsa yotibdi, eng og‘riqli nuqtalarimizdan bittasi... Bu mahalladagi vaziyatga ham ta'sir ko‘rsatadi. Biroq mahallada fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlaydigan faollarning ishi yaqin 8 oyda o‘zini ko‘rsatishi kerak. Fohishaxonalar bo‘yicha ishlarni kuchaytirmoqdamiz. Menga kelib tushgan hujjatlarni ko‘rib, xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutasaddilarni chaqirib so‘rayman: «Nima uchun ikki bolali ayol o‘sha yerda yuribdi?». Bu boradagi ishlarga barham berish bo‘yicha yanada faollashishimiz lozim».

YouTube

Tas-IX

Mavzuga oid