Jahon | 08:01 / 02.02.2018
5570
2 daqiqa o‘qiladi

Brexit’dan keyin Britaniyaga keluvchi Yevropa Ittifoqi fuqarolari huquqlari cheklanishi mumkin 

Tereza Mey. Foto: AFP

Buyuk Britaniya bosh vaziri Tereza Mey Brexit bo‘yicha muzokaralar vaqtida Yevropa Ittifoqi bilan Brexit amalga oshadigan 2019 yil 29 martdan keyin o‘tish davri davomida Buyuk Britaniyaga keluvchi YeI fuqarolarining huquqlarini cheklash bo‘yicha kelishib olmoqchi. U bu haqda 1 fevralda ma'lum qildi. 

“Buyuk Britaniyaga 2019 yil martigacha keluvchi istalgan yevropalik bizning o‘tgan yilgi kelishuvimizda qayd qilingan huquqlarga (jumladan, mamlakatda muddatsiz qolish huquqiga) ega bo‘ladi. O‘tish davri yakunlangandan keyin keladiganlar esa u amal qilgan vaqtda kelganlar ega bo‘ladigan huquqlarga ega bo‘ladilar”, deb aytgan Mey.

Financial Times nashrining yozishicha, Mey shu tariqa Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralardagi pozitsiyasini qat'iylashtirmoqchi. Bryussel Buyuk Britaniyaga o‘tish davrida (u 2019 yil 29 martda boshlanib, 2020 yil 31 dekabrgacha davom etishi kerak) keladigan yevropaliklar Brexit’gacha kelganlar kabi huquqlarga ega bo‘lishlarini talab qilmoqda. Boshqacha aytganda, Bryussel yevropaliklar Qirollik hududida muddatsiz bo‘lish huquqini olishlariga umid qilmoqda. Biroq Mey qat'iylik ko‘rsatmoqchi. Nashr buni Meyning o‘zining konservatorlar partiyasi a'zolariga Bryussel talablariga rozi bo‘lib ketavermasligini ko‘rsatish istagi bilan tushuntirmoqda. “Endi 2019 yil martidan keyin mamlakatga keluvchilarga boshqacha yondashuv bo‘ladi, chunki ular Yevropa Ittifoqidan tashqarida bo‘lgan davlatga keladilar”, deb aytgan Mey.     

Brexit bo‘yicha muzokaralar 2018 yil noyabrigacha davom etishi mumkin, shundan keyin tomonlarda erishilgan kelishuvlarni milliy parlamentlarda ratifikatsiya qilish uchun yarim yil vaqt bo‘ladi. Brexit’ning o‘zi 2019 yil 29 martda amalga oshirilishi kerak, so‘ngra 2 yillik o‘tish davri amal qiladi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid