21:17 / 02.02.2018
16295

Mehnat qiluvchi xodimlarning asosiy huquqlari nimalardan iborat?

Foto: KUN.UZ

SAVOL: Menga tushuntirib bersangiz: xodim sifatida mening qanday muayyan huquqlarim bor?

D. Rustamov

JAVOB: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Mehnat kodeksining 16-moddasiga muvofiq xodimlarning asosiy huquqlariga, ya'ni sizning huquqlaringizga quyidagilar kiradi:

  • mehnat qilish, erkin ish tanlash, haqqoniy mehnat shartlari asosida ishlash va qonunda belgilangan tartibda ishsizlikdan himoyalanish;
  • o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida belgilangan eng kam oylik ish haqidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish;
  • muddatlari chegarasi belgilangan ish vaqtini o‘rnatish, bir qator kasblar va ishlar uchun ish kunini qisqartirish, har haftalik dam olish kunlari, bayram kunlari, shuningdek, haq to‘lanadigan yillik ta'tillar berish orqali ta'minlanadigan dam olish;
  • xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan sharoitlarda mehnat qilish;
  • kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;
  • ish bilan bog‘liq holda sog‘lig‘iga yoki mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash;
  • kasaba uyushmalariga hamda xodim va mehnat jamoalarining manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa tashkilotlarga birlashish;
  • qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, boquvchisidan mahrum bo‘lganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta'minot olish;
  • o‘zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;
  • jamoalarga doir mehnat nizolarida o‘z manfaatlarini quvvatlash;

Savolga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi yuridik xizmati rahbari Davlatnazar Matrasulov javob berdi.

Eslatma: «Yuridik xizmat minbari»da savollarga berilayotgan javoblar tavsiyaviy xarakterga ega.

Top