13:37 / 02.02.2018
17270

Samarqand shahrida 3 ta bolalar bog‘chasida mudiralar vazifasidan bo‘shatildi

Samarqand shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 19 iyuldagi «Maktabgacha ta'lim muassasalarining faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi 528-sonli qaror ijrosi yuzasidan «Sog‘lom ovqatlanishni tashkil etish va me'yorlarini joriy etish» hamda davlat-xususiy sheriklik va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Prezidentning «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori, «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni hamda Sh.Mirziyoyev raisligida 2017 yilning 19 dekabr kuni «Maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qilish va istiqboldagi vazifalarni belgilab olish» bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta'minlash yuzasidan Samarqand shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi tomonidan amaliy ishlar amalga oshirilmoqda, deb ma'lumot berdi KUN.UZ’ga shahar hokimligi matbuot xizmati.

Vazirlar Mahkamasining «Maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan «Maktabgacha ta'lim muassasasi tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini tashkil etish to‘g‘risida»gi Nizomga asosan Samarqand shahridagi 95 ta davlat va 8 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida belgilangan me'yorlarga muvofiq tarbiyalanuvchilarning sog‘lom va xavfsiz ovqatlanishini ta'minlash bo‘yicha tizimli nazorat o‘rnatilgan. Lekin shunga qaramasdan, 2017 yil 14 noyabr kunidan hozirgi kunga qadar 10 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, 12 nafar tizim mas'ul xodimlari (3 nafar mudira, 5 nafar xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirlar, 2 nafar hamshiralar, 2 nafar oshxona xodimlari) bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.

Nodavlat hamda davlat xususiy-sheriklik asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini faol rivojlantirish maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Nodavlat va xususiy-sheriklik shartlari asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarni tashkil etishni targ‘ib etish maqsadida tegishli mutasaddilar ishtirokida ochiq muloqot va davra suhbati o‘tkazildi. Yangi muassasalarni tashkil etishni targ‘ib qilish bo‘yicha shahar hokimligining rasmiy veb-sayti va Facebook sahifasi orqali keng yoritilmoqda.

Samarqand shahar hokimi F.Rahimov ishtirokida nodavlat va xususiy-sheriklik shartlari asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarni tashkil etish bo‘yicha taklif bildirgan tadbirkorlar bilan 3 marta uchrashuv o‘tkazildi.

3-son bolalar musiqa va san'at maktabida shahar hokimi ishtirokida shahardagi 207 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raislari hamda ular orqali aholining keng qatlamiga nodavlat va xususiy-sheriklik shartlari asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha mutasaddi rahbarlar tomonidan targ‘ibot ishlari olib borildi.

Bu yangi tashkil etilayotgan loyihalar SanPIN normalari asosida tashkil etilishiga alohida urg‘u berilmoqda.

Samarqand shahridagi «Temur Fayz» nodavlat maktabgacha ta'lim muassasasida nodavlat va xususiy-sheriklik asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarni tashkil etishni targ‘ib etish maqsadida, xususiy tadbirkorlar, mas'ul bank xodimlari hamda mutasaddi rahbarlar ishtirokida amaliy seminar o‘tkazildi.

Shaharda davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilish bo‘yicha tashabbuskorlarning ro‘yxatlari shakllantirilmoqda. Hozirgi kunda jami 35 ta, shundan 14 ta davlat-xususiy sheriklik, 21 ta nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha tashabbuskorlar ro‘yxatga olindi. Bunda tashabbuskorlarning bank kreditlari uchun garov ta'minotlari mavjudligi, tashabbuskorlarning maktabgacha ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil qilish borasida tajriba, bilim ko‘nikmalari o‘rganib chiqilmoqda va ushbu tashkil etilayotgan davlat-xususiy sheriklik hamda nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarida oliy ma'lumotli, chet tillarini mukammal biladigan pedagog xodimlarni jalb etish bo‘yicha tushunchalar berildi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilishda ta'mirga muhtoj (shahardagi 25 yildan buyon kapital ta'mirlanmagan) maktabgacha ta'lim muassasalariga birinchi navbatda e'tibor qaratilmoqda.

Bundan tashqari, shahardagi hududi katta bo‘lgan maktabgacha ta'lim muassasalaridagi mavjud foydalanilmayotgan bo‘sh yer maydonlaridan maqsadli foydalanish uchun tashabbuskorlarga davlat-xususiy sheriklik asosida yangi maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil etish bo‘yicha takliflar berilmoqda.

Samarqand shahri fuqarolari hamda tadbirkorlar diqqatiga!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 9 sentabrdagi «Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-3261-sonli qaroriga muvofiq, davlat-xususiy sheriklik asosida va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilish belgilangan.

Hurmatli tadbirkorlar!

Samarqand shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida va nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini ochish istagi mavjud bo‘lsa, o‘zlaringizning taklif va loyihalaringizni shahar hokimligining ishchi guruhiga yoki Samarqand shahar maktabgacha ta'lim bo‘limiga (manzil: Samarqand shahri, Gagarin ko‘chasi, 43-uy, mo‘ljal — Samarqand iqtisodiyot kasb-hunar kolleji) taqdim etishingiz mumkin.

Murojaat uchun tel: (0366) 234-17-72

 

Top