09:09 / 02.02.2018
23984

Jeenbekov Rahmon bilan uchrashdi. Qirg‘iziston - Tojikiston muzokaralarida nima muhokama qilindi?

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov kecha Tojikistonga rasmiy tashrif bilan keldi. Dushanbeda u Imomali Rahmon bilan uchrashdi va tor hamda kengaytirilgan shaklda muzokara o‘tkazdi.

Foto: 24.kg
Foto: 24.kg
Foto: 24.kg

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekovning muzokaralarda ma'lum qilishicha, Qirg‘iziston va Tojikiston xalqlari chegara delimitatsiya qilinishi yakunlanishini kutmoqda. 

Foto: 24.kg

«Ko‘plab muhim masalalar bo‘yicha qarashlarimiz va pozitsiyamiz bir xil ekani quvonarli. Hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini faollashtirish uchun ikki tomonlama mexanizmlar faoliyati samaradorligini oshirish kerak. Shu munosabat bilan, Davlatlararo muvofiqlashtiruvchi kengash, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish hamda masalalarni har tomonlama ko‘rib chiqish bo‘yicha Qirg‘iziston-Tojikiston hukumatlararo komissiyasi muntazam asosda ishlashi kerak. Bizning xalqlar uzoq vaqt davomida davlat chegarasi delimitatsiya qilinishini kutishmoqda. Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasining delimitatsiyasi va bitimni imzolash qancha tez amalga oshsa, bu chegara hududida »xavfsizlik hamda barqarorlikni mustahkamlashda muhim omil bo‘ladi», - deya ta'kidlab o‘tdi Sooronbay Jeenbekov.

Foto: 24.kg

Uning qayd etishicha, shu sababdan hukumat ishchi guruhlari faoliyatini jadallashtirish va yaqin vaqt ichida Qirg‘iziston-Tojikiston davlat chegarasini tavsiflash hamda belgilashning huquqiy asoslarini yakuniy tarzda muvofiqlashtirish uchun uchrashuv o‘tkazish lozim.

Prezidentning fikricha, davlat chegaralarini qo‘riqlash, terrorizm va ekstremizm, narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish bo‘yicha samarali choralar ko‘rish zarur.

Bundan tashqari, Jeenbekovning xabar berishicha, Qirg‘iziston Tojikiston bilan tovar aylanmasini oshirish niyatida.

Uning so‘zlariga qaraganda, savdo-iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish va Qirg‘iziston hamda Tojikiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi hajmini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish zarur.

«Men hukumatlarga, Qirg‘izistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a'zoligi va VSP+ maqomining mavjudligini hisobga olgan holda, tovarlar eksporti, importi hamda reeksporti sohasida hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif qilaman», - dedi Jeenbekov.

Qirg‘iziston rahbari yaqin kelajakda Tojikiston tadbirkorlari ishtirokida Bishkekda biznes-forum o‘tkazish taklifini ilgari surdi.

Bundan tashqari, fuqarolarning o‘zaro safarlari va turizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida, Bishkek-Dushanbe-Bishkek yo‘nalishi bo‘yicha mamlakatlar o‘rtasidagi parvozlar soni ko‘paytiriladi.

Imomali Rahmon esa Qirg‘iziston hamda Tojikiston muzokaralarida energetika, iqtisodiyot, chegaralar delimitatsiyasi, Markaziy Osiyo mintaqasidagi xavfsizlik masalalariga katta e'tibor qaratilganini xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar o‘zaro tushunish sharoitlarida o‘tkazildi. «O‘tgan 25 yil davomida munosabatlarimiz ijobiy ko‘rinish oldi, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun zaxira shakllandi. Katta huquqiy asos bor. O‘zaro hamkorlikning ikki tomonlama mexanizmlari yaratildi», - dedi Imomali Rahmon.

«Biz barcha darajalarda doimiy muloqot muhimligini ta'kidladik. Shu bilan birga, iqtisodiy jihatning ahamiyati qayd etildi. So‘nggi yillarda tovar aylanmasi deyarli ikki barobarga oshdi. Suv resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, CASA-1000 loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi. Ishonchim komilki, u boshqa sohalarda ham hamkorlikni mustahkamlaydi», - deya ta'kidlab o‘tdi Imomali Rahmon.

Bundan tashqari, prezidentlar chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilishga alohida e'tibor qaratdi.

Qirg‘iziston prezidenti Sooronbay Jeenbekov Tojikiston rahbari Imomali Rahmonni Chingiz Aytmatovning 90 yilligiga bag‘ishlangan festivalga taklif etdi. Bu haqda u Dushanbega rasmiy tashrifi davomida bildirdi.

«Tojikistonlik sportchilarning birinchi va ikkinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida ishtirok etganidan juda minnatdormiz. Umid qilamanki, Tojikiston sentabr oyida Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan uchinchi Butunjahon ko‘chmanchilar o‘yinlarini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Tojikiston tomonini Aytmatovning 90 yilligi va Issiqko‘l forumining 30 yilligiga bag‘ishlangan Xalqaro festivalda ishtirok etishga taklif qilamiz», - dedi Sooronbay Jeenbekov. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, yaqinda Chingiz Aytmatovning «Qulayotgan tog‘lar» so‘nggi romani tojik tilida nashr etildi.

Imomali Rahmon Tojikiston tomoni taklifni mamnuniyat bilan ko‘rib chiqishini bildirdi.

Bugun esa Qirg‘iziston prezidenti Tojikiston bosh vaziri va mamlakat parlamenti raisi bilan uchrashadi. Shundan keyin u Bishkekka uchib ketadi.

Foto: 24.kg

 

Top