09:15 / 03.02.2018
16254

Tojikistonda o‘ta yuqori pensiyalar haqidagi ma'lumot maxfiy qilib qo‘yildi

Foto: Sa-news

Tojikiston Ijtimoiy sug‘urta va pensiyalar davlat agentligi rahbariyati mamlakatdagi o‘ta yuqori pensiyalar haqidagi barcha ma'lumotni maxfiy qilib qo‘ydi. Bu haqda idora rahbarining birinchi o‘rinbosari Nazokat Odinayeva Dushanbedagi matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«Sizlar kimda eng yuqori pensiya bor ekani haqida doim so‘raysizlar. Biz endi bunday ma'lumotni taqdim etmaymiz. Hattoki yozma murojaatda ham. Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan boshqa hech kim shaxsiy xarakterga ega bo‘lgan ma'lumotni olish haqi yo‘q. Barcha pensiyalar, jumladan, “kosmik” darajada balandlari ham qonun, xizmatlar va mehnat stajidan kelib chiqib belgilanadi», - deya ma'lum qilgan amaldor jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatda pensiyalarni faqat Ijtimoiy sug‘urta va pensiyalar davlat agentligi tayinlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikistonda 2015 yilda bir qator sobiq yuqori mansabli amaldorlarning o‘ta yuqori pensiyalari tufayli mojaro kelib chiqdi. O‘shanda avvaliga prezident Imomali Rahmon, keyin esa Moliyaviy nazorat va korrupsiya bilan kurash agentligi sobiq rahbari Abdufattohiy G‘oib sog‘lom sobiq amaldorlarga nogironlik bo‘yicha «kosmik» pensiyalar tayinlanganidan tashvishda ekanini bildirishdi. Xususan, «Tojikiston temir yo‘llari» DUK sobiq boshlig‘i Omonullo Xukumatullo nogironlik bo‘yicha pensiyani 950 dollar miqdorida, «Tojiksodirotbank» direktorlar kengashi sobiq rahbari Natalya Nazarshoyeva esa 1900 dollar miqdorida olib kelgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar tekshiruvlari natijasida nogironlikni noqonuniy ravishda berish bo‘yicha 781 ta holat aniqlandi.

Top