10:49 / 04.02.2018
19989

Jurnalistlarni ko‘rinmas to‘siqlar bilan jilovlashdan kim manfaatdor?

Aholi orasida ba'zan ayrim ommaviy axborot vositalari faoliyatidan qoniqmaslik holatlari kuzatiladi. To‘g‘ri va xolis axborot har doim ham o‘z vaqtida tarqatilmasligi oqibatida, ayniqsa, u mahalliy yangilik bo‘lsa, iste'molchilar yolg‘on xabarlarga tayanishga majbur bo‘lishmoqda. Haqli savol tug‘iladi: bunda asosiy va yagona aybdor OAV xodimlarimi? Quyidagi holatlar masalaga chuqurroq yondashishga undadi.

Nodavlat ta'lim muassasalari ochish uchun litsenziya olish tartiblari bo‘yicha Davlat test markaziga murojaat qildim va soha mutaxassisiga savol berganimda, «Bizga rasmiy xat bilan chiqishingiz kerak. Shu taxlitda javob beramiz», deyishdi. Tahririyat tomonidan xat yuborildi. Bir haftadan keyin javob xati keldi. Vaholanki, shuncha xodimlarni ovora qilmasdan murojaatga og‘zaki javob berish mumkin edi. Nega soha mutaxassislari jurnalistlarga ma'lumot taqdim etishni qog‘oz ichiga yashirishadi? Bu bilan qonunchilikka ochiqdan-ochiq qarshi chiqishmoqdami yoki o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha berilgan savollarga javob berisholmayaptimi?  Biz, jurnalistlarni, bu kabi ko‘rinmas to‘siqlar ortiga qamab qo‘yishdan kim manfaatdor?

Yana bir voqea: gazetalardan biri oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun xalqaro  grant olish mezonlari bo‘yicha maqola tayyorlab kelish vazifasini yukladi. Tahririyat rasmiy xat bilan murojaat qilgan, lekin 15 kun o‘tsa hamki, javob xati kelmayapti. Masalaga oydinlik kiritish uchun meni yuborishdi. Ma'lumot olish uchun Oliy va O‘rta-maxsus ta'lim vazirligining xalqaro aloqalar bo‘limi mas'ul xodimining aloqa raqamini berishdi. U yerga borib, xalqaro aloqalar bo‘limi yetakchi mutaxassisi Sanjar Obidov bilan intervyu uyushtirmoqchi edim. Qo‘ng‘iroq qilganimda S.Obidovning  vaqti yo‘q ekanligini va boshqa payti kelishimni aytishdi. Ularning bergan javobiga qoniqmay, matbuot xizmatiga telefon qildim, hech kim javob bermadi. Keyin yana xalqaro aloqalar bo‘limiga bog‘landim. Bu safar boshqa xodim javob berdi. Unga vaziyatni tushuntirdim va javob xati kelmayotganligini sababini so‘raganimda, quyidagi javobni oldim: «Bo‘limimizda faqat uch nafar xodim ishlaydi. Har kuni turli joylardan xat keladi. Biz ulgurolmaymiz. Tahririyatingiz yuborgan xatdan xabarim yo‘q. Sizlarga javob xati yozishdan boshqa qiladigan ishlarimiz ko‘p». To‘g‘ri, ularni tushunish kerak. Rasmiy xatlarga javob beruvchi xodimning bo‘lmasligi bir qator muammolarni yuzaga keltiradi. Matbuot xizmati qayoqqa qarayapti? Hamma jim.

2015 yil 5 mayda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I. Karimov tomonidan qabul qilingan «Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ochiqligi to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasida so‘rovlarga ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 15 kunda, mansabdor shaxslar bilan intervyu tashkil etish to‘g‘risidagi so‘rovi 7 kun muddatda, agar rasmiy so‘rovga javob berish ushbu davlat organining vakolatiga kirmasa, bu haqida so‘rov egasiga 3 kunda javob qaytarish shartligi belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, nima sababdan haligacha bu tizim o‘z vazifasini to‘laligicha bajarmayapti? Mansabdor shaxslar qonunchilik normalaridan xabardormikin? Mavjud vaziyatni hech qanaqa bahona bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayrim shaxslarning mas'uliyatsizliklari tufayli axborot berishga kechikmoqdamiz. Kamchilikni bartaraf etish uchun qanday choralarni ko‘rmoq zarur? Fikrimizcha, axborot oluvchining so‘rovnomasi qisqa muddatda ko‘rilib, unga og‘zaki va yozma mazmunda javob berish masalasi hal qilinishi kerak. Chunki shunday axborotlar borki, ularga soha mutaxassisi og‘zaki tarzda javob bera oladi. Byurokratizm va boshqa qo‘shimcha resurslardan foydalanmay, telefon orqali yoki elektron murojaatlarni qabul qilish ikki tomon uchun eng maqbul yo‘ldir. Maxsus o‘rganishni talab qiluvchi so‘rovnomalargina rasmiy xat orqali javob berilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Davlat organlaridan axborot ololmaslik natijasida  ayrim jurnalist xodimlar noto‘g‘ri ma'lumotlarga tayanishga majbur bo‘lishmoqda.

Prezident Sh. Mirziyoyev davlat boshqaruvi organlariga qarata qog‘ozbozlik, majlisbozlik va shunga o‘xshash foydasiz tashkiliy ishlardan voz kechishni talab qilayotgan bir paytda mansabdor shaxslar nega hozirgacha qog‘oz bilan  «himoya»lanishni afzal ko‘rishmoqda? Biz globallashuv zamonida yashayapmiz. Bu davrda axborot import-eksporti sezilarli ravishda oshmoqda. Zero, davlatlar o‘rtasida axborot urushi ketayotgan bir davrda  o‘zimizga aloqador aniq axborotni xalqimizga tezkorlik bilan birinchi bo‘lib uzatish eng muhim vazifalarimizdan bo‘lishi shart.

Muhabbat MA'MIROVA

Top