Jahon | 08:11 / 05.02.2018
23174
2 daqiqa o‘qiladi

Moskvada ikki kun ichida bir oylik me'yordan ko‘proq qor yog‘di

Foto: RIA Novosti / Maksim Blinov

Moskvada 3 fevral ertalabdan 4 fevral kechki paytgacha bir oylik me'yordan ko‘proq qor yog‘di. Bu haqda Moskva meri o‘rinbosari Petr Biryukov ma'lum qildi.  

“Vaziyat ancha murakkab, kechagi kun ertalabdan (3 fevral) bugun soat 21gacha 38 sm qor yog‘di, bu esa fevraldagi me'yordan ko‘proqdir”, deb aytgan Biryukov.

Biryukovning ta'kidlashicha, qor miqdori oshib boradi. Uning aytishicha, 5 fevral oxirigacha yana 15-20 santimetr qor yog‘ishi mumkin.

3-4 fevral kunlari Moskva va uning atrofidagi hududlarga kuchli qor va muz yomg‘ir yog‘di. Ob-havo mutaxassislarining ma'lumotlariga ko‘ra, bunday kuchli qor yog‘ishlar 100 yilda bir marta bo‘ladi. Hukumatning ma'lum qilishicha, yomon ob-havo sababli Moskvada 2 mingdan ko‘proq daraxt ag‘darilgan, bir kishi halok bo‘lgan va bir necha kishi jarohat olgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin shu munosabat bilan o‘quvchilarning maktablarga borishini erkin qilib belgiladi.

“Kuchli qor yog‘ishi ertaga ham tugamaydi. Yo‘ldagi vaziyat murakkab bo‘ladi. Yaxshisi, shaxsiy mashinada yurmay turgan ma'qul. Maktablarga borishni erkin deb e'lon qilamiz”, deb yozgan Sobyanin tvitterda.

Moskva kommunal xizmatlari shahar ko‘chalaridan 960 ming kubmetr qor olib chiqishgan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid