22:10 / 06.02.2018
30276

MTMlarga ovqat tashkil etishning yangi tartibi bo‘yicha ilk eksperiment boshlandi

Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Hukumat tomonidan belgilangan vazifalarni amalga tadbiq etish maqsadida, Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan muassasalarga tayyor va yarim tayyor oziq-ovqatlarni yetkazish tizimi qayta ko‘rib chiqildi. Bu jarayonda uzluksizlikni, belgilangan standart va sifatni ta'minlashga katta e'tibor qaratilib, ushbu sohaga tadbirkorlarni keng jalb etish choralari ko‘rilmoqda. 

Kuni-kecha poytaxtning Sergeli tumanidagi 18-maktabgacha ta'lim muassasasida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishning yangi tartibi bo‘yicha ilk eksperiment boshlandi. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Tadbirda Maktabgacha ta'lim vazirligi rahbariyati, Toshkent shahar maktabgacha ta'limi bosh boshqarmasi, O‘zbekiston Oshpazlar Uyushmasi va yana bir qator maktabgacha ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etishdi.


Sergeli tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi hamda  AZIYA BEST DISTRIBUTION korxonasi bilan tayyor taomlarni yetkazib berish  maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma imzolanib, bog‘cha oshxonasi ularga foydalanishga topshirildi. Tajriba–sinov tariqasida o‘tkazilgan mazkur tadbirda oshpazlarning tashqi qiyofasidan tortib, taomnoma bo‘yicha tayyorlanayotgan taomlar texnologiyasi va sifati  yig‘ilganlar e'tiborini tortdi. Korxona tanlash jarayonida oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli, xavfsiz va sanitariya-gigiyena talablariga to‘liq rioya qilinishiga alohida e'tibor berilganligiga hech qanday shubha qolmadi.

Sergeli tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi mutassadilarining fikriga ko‘ra, aynan shu korxona bilan yana beshta bog‘chaga tayyor taomlarni yetkazib berish  maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan.

Asosiy maqsad — bolalar uchun sifatli va sog‘lom ovqatlanishni ta'minlash. Buning natijasida yana bir dolzarb muammo yechiladi. Bog‘cha xodimlari tarmoq vazifalariga tegishli bo‘lmagan vazifalardan ozod etilib, birinchi navbatda, bolalar tarbiyasi va ta'limi bilan shug‘ullanishadi. Bu esa o‘z o‘rnida MTM oshxonalaridagi muammolarning oldini olishi shubhasiz.

Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan ekperement natijalari tahlil qilinib, Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritiladi. Toshkent shahar maktabgacha ta'limi bosh boshqarmasi uning tuman bo‘limlari tomonidan bu borada barcha kuchlar safarbar etilgan.

 

Mavzuga oid
Top