O‘zbekiston | 19:50 / 06.02.2018
8160
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston may oyidan xorijliklarga qisqa muddatli vizalar berishni boshlaydi

O‘zbekiston respublikasi prezidentining 3 fevral kungi «O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlash maqsadida «Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston 1 maydan e'tiboran xorijlik fuqarolarga 72 soat muddat davomida amalda bo‘ladigan qisqa muddatli kirish vizalari taqdim etadi.

Bunday vizalar O‘zbekistonda to‘xtagan yo‘lovchilar qisqa muddatga aeroport zonasidan chiqib, tasdiqlangan turistik dasturlar asosida nazoratli tanishuv turini o‘tkazishini ta'minlaydi.

Vazirlar Mahkamasi ikki oy ichida ushbu yangilikni amalda joriy etish bo‘yicha qaror qabul qilishi kerak bo‘ladi. Xususan, fuqarolariga shunday vizalar beriladigan davlatlar ro‘yxati tuzib chiqiladi.

Bunday vizalar olishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilar aviachiptalarini ko‘rsatishi, shuningdek, ular uchinchi davlatga vizaga ega bo‘lishi talab etiladi. Bundan tashqari, ular konsullik yig‘imlarini to‘lashi kerak.

Bu hujjat respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, kirish turizmini milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biriga aylantirish, mamlakatning madaniy-tarixiy merosi va tabiiy boyliklarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan.

Ma'lumot uchun, 10 fevraldan e'tiboran O‘zbekiston 7 davlat fuqarolariga (Isroil, Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Singapur, Turkiya va Yaponiya) shuningdek, O‘zbekistonga muntazam aviareyslarni amalga oshiruvchi havo kemalari ekipajlari a'zolariga O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirish sanasidan boshlab 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etiladi.

Bundan tashqari, respublika 39 davlat fuqarolariga turistik vizalar rasmiylashtirish tartibini soddalashtiradi. Bular qatorida Avstraliya, Niderlandiya, Hindiston, Xitoy, Kanada, AQSh, Saudiya Arabistoni, BAA va Shvetsiya kabi davlatlar bor.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid