O‘zbekiston | 19:50 / 07.02.2018
25626
7 daqiqa o‘qiladi

FHDYo organlarida o‘zgarishlar bo‘ladi. Prezident oila instituti masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 7 fevral kuni xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarda O‘zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi sifatida belgilangani qayd etilgan, o‘tgan yillar mobaynida bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgani, biroq shu paytgacha xotin-qizlar manfaatlarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha samarali mexanizm yaratilmagani ta'kidlangan.

«Xotin-qizlar qo‘mitasi, mahalla va boshqa jamoat tashkilotlari yillar mobaynida faqatgina turli tadbir va yig‘ilishlar o‘tkazish bilan cheklanib, ijtimoiy vaziyati og‘ir oilalar, ayollar va yosh qizlarga chinakam yordam berish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormagan. Buning oqibatida joylarda ko‘plab masalalar to‘planib qolgan, ularning yechimi bo‘yicha aniq manzilli ishlar amalga oshirilmagan», deyiladi xabarda.

Ma'lum qilinishicha, o‘tgan yili jamoatchilik nazorati guruhlari tashkil etilib, xotin-qizlar hayotidagi muammolar o‘rganildi. 2017 yil jami 5 milliondan ortiq xonadonga kirib borilib, oilalar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralari ko‘rildi. Jumladan, 22 mingta oilada ajrashib ketishning oldi olindi, 36 ming kishi ishga joylashtirildi, 14,5 ming kishiga imtiyozli kredit olishda yordam berildi.

Yig‘ilishda bu oilalar farovonligini ta'minlashga qaratilgan muhim ishlarning bir qismi xolosligi, hali bu borada amalga oshirish zarur bo‘lgan qator dolzarb vazifalar turgani ta'kidlab o‘tilgan.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 2 fevraldagi «Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni shu maqsadda qabul qilingan.

«Xotin-qizlarga e'tibor hamma vaqt barcha sa'y-harakatlarimiz markazida bo‘lishi, hammamizning vazifamizga aylanishi kerak. Oilaga e'tibor aslida bu o‘zligimizga e'tibordir», degan yig‘ilishda davlat rahbari.

Yig‘ilishda xotin-qizlar qo‘mitalari faoliyati qoniqarsiz ekani, og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga ko‘mak berish, erta nikohlar, ajrashishlar va ayollar jinoyatchiligining oldini olishga yetarlicha e'tibor berilmagani ta'kidlangan.

«Oxirgi yillarda ajrashishlar soni har yili 10-11 foizga oshib borgani tashvishlanarlidir. 2017 yilda 31 mingdan ziyod ajralish holati qayd etilgan. Buning oqibatida, asosan, ayollar va bolalar jabr ko‘rmoqda. Ayollar o‘rtasida jinoyatga qo‘l urish hollari ko‘p uchramoqda», deyiladi xabarda.

Prezidentning yuqorida qayd etilgan farmonida shu kabi muammolarni hal etish, xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar belgilangan. Respublika, viloyat, shahar va tumanlar xotin-qizlar qo‘mitalari tuzilmasi tubdan takomillashtirilgan.

Barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassis lavozimi joriy etilgan.

Vazirlar Mahkamasi huzurida «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi va uning hududiy bo‘linmalari tashkil etilib, aniq vazifalari, maqomi belgilab berilgan.

Fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organi faoliyatini muvofiqlashtirish tuman hokimi o‘rinbosari – xotin-qizlar qo‘mitasi raisi zimmasiga yuklatildi. Bu bilan joylardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari hamda Respublika qo‘mitasining imkoniyati va ta'siri kuchaytirildi.

Onalar va go‘daklar o‘limi qayd etilayotgani, nogiron bolalar tug‘ilayotgani – xotin-qizlarning reproduktiv salomatligini ta'minlash bo‘yicha ishlarning mutlaqo qoniqarsiz ekanini ko‘rsatmoqda. Har yili 95 foiz homilador ayollar perinatal skrining tekshiruvidan o‘tkazilsa-da, natijasi amalda sezilmayapti. Shu bois oilaviy poliklinikalar va qishloq vrachlik punktlarida «ayollar maslahatxonalari» tashkil etilishi belgilandi.

Respublika komissiyasi va 7ta ishchi guruh tashkil etilib, bu boradagi ishlarni bajarish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri zimmasiga yuklatildi.

Prezident mamlakat xotin-qizlarining hayotiy muhim manfaatlarini ta'minlash, turmush sharoitlarini har tomonlama yaxshilash bo‘yicha muhim vazifalarni belgilab berdi.

Topshiriqlarga muvofiq, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining barcha bo‘g‘inlaridagi rahbarlar faoliyati tanqidiy o‘rganilib, vazifasiga noloyiq kadrlar o‘zgartiriladi.

Og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan va nogiron xotin-qizlarning manzilli ro‘yxati shakllantirilib, ular bilan yakka tartibda ishlash tizimi joriy etiladi.

«Oila» markazi va Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Oila institutini mustahkamlash konsepsiyasi loyihasi ishlab chiqiladi.

Sudlar tomonidan qaror qabul qilinayotganda, birinchi navbatda, ajralishlarning oldini olish, mazkur jarayonda ayollar va bolalar manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ularni uy-joy bilan ta'minlashga qaratilgan choralar ko‘rish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.

Joylardagi fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish organlari faoliyati tanqidiy o‘rganilib, ularga o‘z vazifasi mohiyatini tushunadigan, adolatli, oilaviy qadriyatlarimizni hurmat qiladigan, professional kadrlar tayinlanadi.

Ishlash istagi bo‘lgan xotin-qizlarning manzilli ro‘yxatlari shakllantirilib, ularning bandligini ta'minlash, ayollarni oilaviy va xususiy tadbirkorlikka, hunarmandchilikka jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Xotin-qizlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida har bir mahalla kesimida ish olib boriladi. Jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan, shuningdek, o‘tgan yili maxsus ro‘yxatdan chiqarilgan 2 ming 587 nafar diniy oqim a'zosi bo‘lgan ayollarning hayotda o‘z o‘rnini topishi, ijtimoiy muammolarini hal etishga alohida e'tibor qaratiladi.

Xotin-qizlarning tibbiy madaniyatini oshirish, kam ta'minlangan oilalarga manzilli tibbiy yordam ko‘rsatish, respublika skrining va reproduktiv markazlari xizmatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda sohada olib borilayotgan ishlar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari tinglandi. Istiqboldagi muhim vazifalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.

UzA Qarshiyev Aziz
Tayyorlagan UzA Qarshiyev Aziz
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid