02:54 / 11.02.2018
12424

Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Foto: UzDaily

10 fevralda Toshkentda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasining ilk yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Prezidenti Muhammad Ashraf G‘ani 2017 yil dekabrda Xavfsizlik masalalari bo‘yicha O‘zbekiston-Afg‘oniston qo‘shma komissiyasini tuzish haqida kelishib olishgandi. 

Komissiya tarkibiga O‘zbekiston va Afg‘oniston xavfsizlik kengashlari apparatlari, huquq-tartibot idoralari vakillari kirgan.

Yig‘ilish davomida tomonlar O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida terrorchilik va ekstremizmga qarshi kurashdagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari, qurol savdosi va giyohvand moddalar noqonuniy aylanmasi, jinoiy daromadlarni legallashtirish va transchegaraviy uyushgan jinoyatchilikning boshqa turlariga qarshi kurashish masalalarini ko‘rib chiqishgan.

Ikki tomon vakillari bojxona qonunbuzarliklaridan ogohlantirish va ularning oldini olishda hamkorlikni faollashtirish, davlat chegaralari xavfsizligini ta'minlash masalalari bo‘yicha fikr almashishgan. 

Rivojlanish va infratuzilma bo‘yicha qo‘shma loyihalarning xavfsizligini va uzluksiz amalga oshirilishini ta'minlash, Kobul va Mozori-Sharifdagi ishlab chiqarish korxonalari, markazlari, savdo uylarini himoya qilish muhimligi qayd qilib o‘tilgan. 

Afg‘oniston Prezidentining O‘zbekistonga dekabrdagi tashrifi doirasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash masalalariga aohida e'tibor qaratilgan.

Shuningdek, tranzit-transport, infratuzilma, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, energetik va boshqa ko‘plab muhim sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ham ikki tomonlama, ham ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga tayyorlik bildirildi.

Yig‘ilishda Afg‘onistonda va Markaziy Osiyoda uzoq muddatli barqarorlikni ta'minlashda tinchlik, barqaror rivojlanish va xavfsizlik masalalari chambarchas bog‘langani ta'kidlab o‘tildi.

Qo‘shma komissiyaning ilk yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra tegishli bayonnoma imzolandi.

Top