AQSh Misrga terrorchilikka qarshi kurash uchun milliard dollar ajratdi
Vashington Qohiraga terrorchilik bilan kurashishga milliard dollar ajratdi. Bu haqda 12 fevralda Misr tashqi ishlar vaziri Somih Shukriy bilan birgalikdagi matbuot anjumanda AQSh davlat kotibi Reks Tillerson ma'lum qildi.
“Vashington Qohiraga Misrning terrorchilikka qarshi kurashida harbiy salohiyatini oshirish uchun milliard dollar ajratdi. Biz Misrning terrorga qarshi urushida u tomondamiz va terrorchilikka qarshi kurashda yaqin hamkorlikni davom ettiramiz”, deb aytgan Tillerson.
AQShning Misrga har yillik harbiy yordami 1,3 mlrd dollarga yaqinni tashkil qiladi. Oxirgi 30 yilning o‘zida Vashington Qohiraga harbiy-iqtisodiy yordam doirasida umumiy miqdorda 80 mlrd dollar ajratgan. Biroq AQShda o‘tgan yil avgustida Misrda inson huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘yilishi sababli yordam 195 mln dollarga qisqartirilmoqchiligi ma'lum qilingan.
O‘shanda AQSh davlat departamenti Qohira inson huquqlarini himoya qilish sohasida taraqqiyotni namoyish qilishi, jumladan nohukumat tashkilotlari faoliyatini cheklovchi qonunni bekor qilishi kerakligi aytilgan. Shukriyning ta'kidlashicha, inson huquqlari borasidagi masala Qohiradagi uchrashuvda muhokama qilindi.
Matbuot anjumanda Qohira va Vashington “ikki plyus ikki” formatida ikki tomonlama hamkorlik mexanizmini yaratishga kelishib olgani ma'lum qilingan. Bu hamkorlik ikki davlatning tashqi ishlar va mudofaa vazirlarining muntazam maslahatlashuvlaridan iborat bo‘ladi. Shukriyning taa'kidlashicha, bunday formatdagi strategik maslahatlashuvlarning birinchi raundi joriy yilning ikkinchi yarmida bo‘lib o‘tishi mumkin.