Farg‘ona shahri qoq markazidagi sonda ham, sanoqda ham yo‘q uy muammolari hal bo‘larmikan?
Farg‘ona shahriga ancha yillardan beri kelmagan kishi, vodiy markazidagi kentning bugungi ko‘rinishidan hayron qolishi aniq.
So‘nggi yillar davomida shahar qiyofasi butunlay o‘zgardi. Tor, o‘ydim-chuqur ko‘chalar o‘rnida keng, ravon yo‘llar qurilib, pastakkina uylar o‘z joyini zamonaviy arxitektura tamoyillari asosida bitkazilgan ko‘pqavatli muhtasham binolarga bo‘shatib bergan. Shaharning qaysi burchagida bo‘lmang, jadallik bilan olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga ko‘zingiz tushadi.
Yangilanish ishlari uzluksiz davom etib, kundan-kun o‘zgarayotgan shahardan qurilish sohasidagi kamchiliklar bo‘yicha KUN.UZ tahririyatiga kelgan murojaatga e'tibor qaratdik.
“Harakatlangan har qanday jism markazga qarab intiladi”, degan ibora bor. Boshqa joylarda bo‘lgani kabi bizning “qahramonlarimiz” ham Farg‘ona shahrining qoq kindigidan namunali tipdagi yangi uy olmoqchi bo‘lishgan. To‘g‘ri-da, yashash sharoiti va boshqa imkoniyatlar chekkaroq joydan ko‘ra, markazda nisbatan yaxshiroq, axir. Lekin biroz yolg‘onchi quruvchining gapiga ishongan fuqarolar “chuchvarani sal pishmasdan oldin sanab qo‘ygani” keyin ma'lum bo‘ldi.
Alisher Navoiy shoh ko‘chasidagi 3-B ko‘pqavatli uy haqiqatda Farg‘ona shahrining markazida joylashgan. Ayni paytda mazkur uyga shoh ko‘cha tomonidan qarasangiz, ko‘rinishidan juda ko‘rkam, chiroyli ekanligiga guvoh bo‘lasiz. Lekin uning hovli tarafiga o‘tganingiz sari butunlay boshqa manzara. Nomiga bitkazilgan ko‘p qavatli uy. To‘rt yil oldin kvartiralari yashash uchun sotila boshlagan uy hozir aftodahol holatda. Namunali deya ataluvchi 3-B uyda yashovchilar tomonidan uyning avariya holatda ekanligi bo‘yicha ariza berilmagan joy qolmabdi. Samara esa umuman yo‘q.
2014 yil xususiy qurilish firmasi tomonidan bitkazilayotgan uydagi kvartiralarni yashash joyiga ega bo‘lishni istaganlar sotib ola boshlashdi. Ajablanarlisi, kvartira egalarining ko‘pchiligi xonadonlarini qurilish firmasidan emas, balki, “ikkinchi qo‘ldan” naqd pulga sotib olishgan.
Xonadon egalarining bildirishicha, sotib olayotgan paytda quruvchi tez orada barcha ishlar yakunlanib, uyning kirish yo‘laklari, tom qismi, atrofdagi obodonlashtirish ishlari bitkazilishini va'da bergan. Lekin oradan yillar o‘tsa ham hech qanday ish bajarilmadi. Tomdan allaqachon chakki o‘ta boshlagan, kirish yo‘laklari chala, oynalar qo‘yilmagan, uyning yerto‘lasi esa axlatxonaga aylangan. Qurilish ishlari davomida yig‘ilgan chiqitlar uyning hovlisiga “ko‘rk” bag‘ishlab turibdi. Hovli axlatga to‘lib ketgan, hech qaysi tashkilot uni olib ketishga shartnoma imzolamayotir.
O‘tgan yilning oxirgi oyida hovlidagi axlatxonada noma'lum odam jasadi chiqqanidan keyin ham hech kim uyning muammolari bilan qiziqmagan.
Ajablanarlisi, bu yerda yashovchi 20 ta oilaning hech biri qurilish qaysi tashkilot tomonidan amalga oshirilganini ham ayta olmaydi. Uzoq surishtiruvlardan so‘ng “namunali” deya ataluvchi uy - “Poytaxt mavzesi” nomli Shuhratxon Mahmudov boshchiligidagi qurilish tashkiloti tomonidan qurilayotganini aniqladik.
Ma'lumki, qurilish tashkiloti uy bitib, foydalanishga topshirilishi uchun bir qator me'yoriy hujjatlarni rasmiylashtiradi. Asosiy hujjat - foydalanish uchun Dalolatnomada uyning yashash uchun yaroqli ekanligi qayd etilib, barcha mas'ul tashkilotlar uni qabul qiladi va kommunal korxonalar bazasiga kiritiladi. Farg‘ona shahrida mazkur uyning borligi haqida ma'lumotning o‘zi yo‘q.
- Elektr energiyasi, gaz va boshqa kommunal uchun pul to‘lagani borsak, u yerdagilar: “Uylaringiz hech qanday ro‘yxatda yo‘q, to‘lagan mablag‘ingiz havoga uchadi”, deyishadi. Ikki yildan beri yashayman, elektr va gazdan foydalanamiz. Bir kun kelib katta qarzdorlik chiqsa nima bo‘ladi? - deydi Antonina Kazemirova.
- Bormagan joyimiz qolmadi. Uyda istiqomat qiladiganlar, asosan, yosh oilalar, har birida bir-ikkitadan yosh bola bor. Yo‘laklarga oyna, yerto‘laga panjaralar qo‘yilmagani uchun yosh bolalar axlatga to‘la hovlida o‘ynashi juda xavfli. Quruvchining: “Namunali uy. Oldida bolalar maydonchasi, dam olish joylari bo‘ladi”, degan va'dalarga uchibmiz. Shahar hokimligiga juda ko‘p bor murojaat qildik. Nahotki, ularning quruvchiga kuchi yetmasa. Axlatxona va tugallanmagan qurilish maydonida yashayapmiz”, - deydi aholi vakillaridan yana biri.
3-B uyning yonida qad ko‘targan boshqa uylar insofli quruvchi tomonidan bunyod etilgan ekan. Qo‘shni uylarning holati havas qiladigan darajada.
Muammoning yechimini topish maqsadida, Farg‘ona shahar hokimligiga murojaat qildik. Shu o‘rinda shahar hokimligini tezkor ravishda ish tashkil qilganligini aytib o‘tish joiz. O‘n daqiqadan so‘ng shahar hokimi o‘rinbosari Dilshodbek Omonov, shahar bosh arxitektori, obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i, shahargaz korxonasi rahbari singari barcha mutasaddilar yig‘ilib, biz bilan birgalikda muammoli uyga borishdi.
Mas'ul shaxslar xonadon sohiblarining barcha dardlarini tinglab, muammolar to‘rt kun ichida hal bo‘lishiga va'da berishdi.
Shundan so‘ng, KUN.UZ tahririyatiga Farg‘ona shahar, Universitet ko‘chasi 23-uydan qilingan ikkinchi murojaatni o‘rgangani bordik. Mazkur namunali uyda istiqomat qiluvchilar tomonidan gaz ta'minoti masalasi juda yomonligi haqida arz qilingan edi. Bu joyda ham quruvchi tashkilot tomonidan loyihada ko‘rsatilgan gaz tarmog‘ini yuqori bosimli liniya o‘rniga quvurni iqtisod qilinib, past bosimli tizimga ulagani bois muammo kelib chiqqan ekan. Shahar gaz korxonasi rahbari, mazkur ko‘pqavatli uyda ham muammolar tez kunda yechimini topishiga va'da berdi.
Oddiy aholi shaharga qurilayotgan uy hokimlik tomonidan ruxsat berilgan qurilish tashkiloti tomonidan amalga oshirilayotganini, qurilish me'yorlari buzilsa, mutasaddilar, albatta, chora ko‘rishiga ishonib, xonadonlarni sotib olgan.
Biz mutasaddi va aholi vakillari bilan xayrlashayotib, keyingi haftada yana kelishimizni aytdik.
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov
Mavzuga oid
16:56 / 22.12.2024
Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video
14:40 / 22.12.2024
Eskrou tizimi: u joriy etilsa, mijozlar quruvchilarga aldanmaydimi?
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
21:23 / 21.12.2024