21:30 / 13.02.2018
37593

Prezident Soliq kodeksini yangilashga farmoyish berdi

Foto: Xushnudbek.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Soliq qonunchiligini tubdan takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoyishi e'lon qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Farmoyishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi «Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni talablarini amalga oshirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, respublika va mahalliy byudjyetlar daromadlarini oshirishning qo‘shimcha zaxiralarini aniqlash, soliq ma'muriyatchiligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, xorij mamlakatlarining soliq qonunchiligi va ma'muriyatchiligi sohasidagi sinalgan ilg‘or yutuqlarini implementatsiya qilish ishlari qoniqarsizligicha qolayotgani qayd etilgan.

Soliq ma'muriyatchiligi va soliqqa tortishning zamonaviy usullarini, soliqlarning to‘liq yig‘iluvchanligi va byudjyetga o‘z vaqtida tushishi ustidan samarali nazorat mexanizmlarini joriy etish orqali soliq-byudjyet siyosatini yanada takomillashtirish, byudjyet jarayoni shaffofligi darajasini oshirish maqsadida:

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahriri loyihasini tayyorlash bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi, soliq qonunchiligi va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruhlar tarkibida tuzilmoqda.

Respublika komissiyasi tegishli me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda quyidagilarga alohida e'tibor qaratishi belgilanmoqda:

  • umume'tirof etilgan xalqaro norma va standartlar talablari hamda bozor iqtisodiyoti tamoyillariga javob beradigan normalar yaratilishi;
  • soliq nazoratining xorijda keng qo‘llanilayotgan ilg‘or va sinalgan shakl va usullarini joriy etishni hisobga olgan, jumladan, xalqaro ekspert va maslahatchilarni jalb qilgan holda soliq ma'muriyatchiligi mexanizmlarini qayta ko‘rib chiqish;
  • respublika strategik manfaatlari hamda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning bugungi bosqichini hisobga olgan holda, soliq sohasidagi xalqaro-huquqiy normalarni milliy soliq qonunchiligiga implementatsiya qilish, shuningdek, samarali davlat soliq siyosatini amalga oshirish;
  • soliqqa tortish va soliq ma'muriyatchiligi masalalarini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlardan ikki xil talqin qilinishi mumkin bo‘lgan normalarni chiqarib tashlash maqsadida ularni inventarizatsiya qilish;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normalarni ko‘paytirgan holda, soliq qonunchiligini unifikatsiya qilish;
  • soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish hamda soliq to‘lovchilar huquqlarining himoyasini izchil ta'minlash​;
  • soliqlar yig‘iluvchanligi darajasini oshirish, Davlat byudjyeti va davlat maqsadli jamg‘armalariga soliq va yig‘imlarning to‘liq hajmda tushishini ta'minlash, soliqqa tortilishdan bo‘yin tovlash imkoniyatini istisno qilish;
  • xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning umumiy soliq yukini pasaytirish, ishlab chiqarishni rivojlantirish va xizmat ko‘rsatish sohasida soliqlarning rag‘batlantiruvchi rolini kuchaytirish, resurslardan oqilona va tejamli foydalanishni ta'minlash, samarasiz soliq va yig‘imlarni bekor qilish;
  • kichik va yirik biznes sub'yektlarining soliq yukini maksimal darajada barobarlashtirishga xizmat qiladigan usullarni joriy etish;
  • xorij mamlakatlarining ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda amaldagi soliqqa tortish tizimini tanqidiy o‘rganish asosida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqish mexanizmini soddalashtirish;
  • «soliq imtiyozi» va «soliq preferensiyasi» tushunchalarini aniq chegaralash, vaqtincha imtiyoz berish muddatlarini belgilash, shuningdek, samarasiz va eskirgan soliq imtiyozlarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish;
  • tadbirkorlarga biznesning o‘rta muddatli istiqbolda rivojlanishini asosli ravishda prognoz qilish imkoniyatiga ega bo‘lishlari uchun soliq tizimining barqarorligini ta'minlashga.

A.Aripov rahbarligidagi Respublika komissiyasi va ishchi guruhlar yetakchi olim va yuqori malakali mutaxassislar — ekspertlar, tadbirkorlik tuzilmalari va jamoat tashkilotlari vakillarini jalb qilgan holda, jahonning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rganish hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 yanvardagi «Moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tanqidiy o‘rganilishini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq soliq organlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish natijalari asosida:

  • birinchi bosqichda — 2018 yil 1 aprel kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi soliq-byudjyet siyosatini takomillashtirish konsepsiya loyihasini ishlab chiqishi;
  • ikkinchi bosqichda — 2018 yil 1 iyul kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksi yangi tahriri loyihasini ishlab chiqishni ta'minlashi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririni ishlab chiqishga xalqaro ekspert va maslahatchilarni jalb qilishda ko‘maklashishi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Top