Jahon | 21:51 / 15.02.2018
20575
2 daqiqa o‘qiladi

Poroshenko Putin bilan nimalar haqida so‘zlashganini ma'lum qildi 

Foto: TASS

Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko jurnalistlarga Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon muloqoti davomida gap nimalar haqida borgani haqida so‘zlab berdi.

Poroshenkoning aytishicha, suhbat ikki qismdan iborat bo‘lgan, ulardan birinchisi BMT tinchlikparvar kuchlarining o‘z mustaqilligini e'lon qilgan Donetsk va Lugansk xalq respublikalari hududlariga kiritish masalasiga bag‘ishlangan.

“Bizga tinchlikparvar kuchlari havodek zarur”, deb aytgan Poroshenko suhbat davomida hamda tinchlikparvar missiya butun “okkupatsiya qilingan hudud”da amal qilishi va bu missiya “noqonuniy qurollangan tuzilmalarni qurolsizlantirish” huquqiga ega bo‘lishi lozimligi haqida gapirgan. 

“Missiya Ukrainaning barcha yeriga tinchlik olib kelishi va bu hududlarning Ukraina qayta birlashishi uchun sharoitlar yaratishi mumkin”, deb aytgan Poroshenko.

Putin bilan suhbatning ikkinchi qismi Ukrainaga Donetsk va Lugansk xalq respublikalari asirida bo‘lgan harbiylarning va Ukrainadagi mahbuslarning Rossiyaga topshirilishi masalalariga bag‘ishlangan. 

“Men aniq detallar, ro‘yxatlar, aniq familiyalarni muhokama qildim. Biz o‘z fuqarolarimizni hamda bosib olingan hududlardagi turmalarda bo‘lgan harbiylarimizni qaytarish uchun barcha ishni qilmoqdamiz”, deb aytgan Ukraina prezidenti.  

Poroshenko muloqot jarayonida qanday kelishuvlarga erishilgani haqida gapirmagan.

14 fevralda Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga prezidentlar muloqoti Ukraina tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilganini ma'lum qilgan. 

Peskovning aytishicha, Poroshenko Donbassdagi ixtilof tomonlari o‘rtasida mahbuslarni almashish mavzusini davom ettirishni taklif qilgan va Putinga Moskva viloyatida An-148 samolyotining falokatga uchrashi munosabati bilan hamdarlik bildirgan hamda aviafalokat tafsilotlarini tergov qilishda yordamini taklif qilgan.

Mavzuga oid