Jamiyat | 12:50 / 16.02.2018
28481
5 daqiqa o‘qiladi

Aholi o‘z hisobidan mahallaga tabiiy gaz o‘tkazmoqchi. Hokimiyat bunga nima deydi?

«KUN.UZ» tahririyatiga Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Uning mazmuni quyidagicha:

«Assalomu alaykum. Biz Qashqadaryo viloyati, Yakkabog‘ tumanidagi «Ayg‘irko‘l» MFYda joylashgan namunali uy-joy egalari shuni yozib ma'lum qilamizki, 2015 yilda qurilgan va hozirgacha qurilishi davom etayotgan namunali uy-joyni 2015 yili to‘lov qilib olgandik. Mana, 2016 yildan beri yashab kelyapmiz. Biz yashayotgan mahallada tabiiy gaz ta'minoti yo‘q. Mahalla 23 uydan iborat, xonadon isitish tizimi tabiiy gazga mo‘ljallangan holda loyihalashtirib, montaj qilingan. Biz, 23 xonadon egalari tuman mutasaddi tashkiloti – gaz idorasiga murojaat qilganimizda, tabiiy gaz bilan ta'minlanmasligimizni aytishdi. Lekin sabab keltirilmadi. Negaki, namunali uy-joy shartnomasining bir bandida qattiq yoqilg‘i bilan isitish uchun, deb ko‘rsatilgan ekan. Biz uyni zo‘rg‘a, talashib-tortishib olganmiz, hech kim bizga shartnomani ko‘rsatmagan ham, biz ham qaramaganmiz. Xo‘p, shunday ekan, shartnomaga qo‘shimcha band kiritib, hamma xarajatini o‘z hisobimizdan qilib, gaz tortib kelsak, nima qiladi? Nahotki, shartnomaga qo‘shimcha bandni kiritish shunchalik qiyin bo‘lsa?! Gaz quvurlarini, GRP, loyiha, montaj va hokazolarga ketadigan xarajatlarini o‘z hisobimizdan to‘lashga rozimiz, uy-joy shartnomasiga gazlashtirish loyihasi qo‘shimcha tarzda 2018 yil davlat dasturiga kiritilishini xohlaymiz.

Ushbu murojaat bilan Yakkabog‘ tumangaz bo‘limiga, Yakkabog‘ tuman hokimiyatiga, Prezident portaliga 9 marta murojaat qildik. Eng hayron qoldirgani shuki, portalga yozilgan shikoyatimizni hal qilish uchun, yana qaytib Yakkabog‘ tuman hokimiyatiga jo‘natishadi. Axir biz muammo tuman miqyosida hal bo‘lmagani uchungina portalga chiqqandik-ku? Shu jumladan, Prezident portali ishchi guruhiga ham e'tirozimiz bor. Nega ular shikoyatni yana tuman mutasaddilariga jo‘natishadi? Nega muammo hal bo‘lgani yoki bo‘lmaganini murojaatchilarning o‘zlaridan so‘rashmaydi? Nega oddiy fuqarolar murojaatiga shunchalik befarq ular!? Axir Prezidentimiz halq bilan yaqin bo‘lish uchun ishlanglar, halqni sharoitini yaxshilanglar, demadimi? Nega ular o‘z ishiga bunchalik sovuqqon munosabatda bo‘lishmoqda?

O‘tin narxi kichik yuk tashuvchi «Moskvich» mashinasi bilan 500 ming so‘m, u ham 1 haftaga yetmaydi. Ko‘mir tanqisligi esa hech kimga sir emas. Xo‘sh, biz tabiiy gaz bilan istishga mo‘ljallangan uyni qanday qilib -28 darajada isitamiz va yosh bolalarimiz bilan jon saqlaymiz? Bu savolga kim javob beradi?

Yana qaytarib aytaman, hamma xarajatni o‘z hisobimizdan to‘lashga rozimiz. Hattoki 3 oylik qish mavsumida, kerak bo‘lsa, gaz uchun oldindan to‘lov puli ham tashlab qo‘yishga rozimiz. Faqat bizga o‘z hisobimizdan gaz tortib kelishga ruxsat berishsa va qo‘shimcha shartnoma qilib, loyihalashtirib berishsa bas. Axir namunali uy nimasi bilan namunali? Qachonki, yashash uchun hamma sharoiti bo‘lsagina namunali. Ushbu ovozimizni kimdur eshitishiga umid qilamiz».

Biz mazkur masalaga oydinlik kiritish maqsadida Yakkabog‘ tuman hokimiyati bilan bog‘landik. Hokimiyat vakilining ma'lum qilishicha, bu voqeadan ularning xabari bor. «Ayg‘irko‘l» mahallasi fuqarolari bilan gaplashishgan. Ularga yashab turgan uylariga tabiiy gaz o‘tkazib bo‘lmasligi, bu texnik tomondan to‘g‘ri kelmasligi tushuntirilgan. 

«U mahalladagi namunaviy uy-joylarning loyihasida qattiq yoqilg‘i bilan isitish kiritilgan va buning uchun barcha shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Mahalla fuqarolari bizga ham bu borada bizga ko‘p bora murojaat qilishdi. Shuni alohida aytishim kerak-ki, bu masala bu yil atroflicha ko‘rib chiqiladi. Biz elektr energiyasi bilan isitiladigan vositalarni mazkur uylarga o‘rnatish rejasini ham ko‘rib chiqmoqdamiz», - deydi Yakkabog‘ tumangaz korxonasi muhandisi Shernayev Baxtiyor.

Davlat va xalq o‘rtasidagi munosabatlarning shaffofligi jamiyatda mavjud ko‘plab muammolarning hal bo‘lishiga turtki bo‘ladi. O‘rtada hech qanday aldov, va'dabozlik bo‘lmasa, barcha masalalar yo‘lga tushadi. O‘ylaymizki, yuqorida nomi keltirilgan mahalla fuqarolarining muammosi ham ana shunday shaffoflikda va o‘z vaqtida ijobiy yechim topadi.

Sarvar Anvar o‘g‘li,
KUN.UZ muxbiri

Mavzuga oid