O‘zbekiston | 17:18
4488
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi portlashda 6 kishi halok bo‘lgan

Qarshi tumanida joylashgan maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida ro‘y bergan portlash oqibatida 6 kishi halok bo‘lib, 5 kishi jarohatlandi. Hodisa yuzasidan Hukumat komissiyasi tashkil etildi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

FVV matbuot xizmati Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida ro‘y bergan portlash oqibatlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

Holat haqida 8 iyun kuni soat 13:50 da Qashqadaryo viloyati FVBga xabar kelib tushgan. Shunga ko‘ra, 5 ta qutqaruv bo‘linmalari soat 14:02 da hodisa joyiga yetib borib, yong‘in soat 14:05 da o‘rab olingan va soat 14:55 da o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, 4 ta avtomobil (2 ta Cobalt, 2 ta gaz tashishga mo‘ljallangan avtomobil) hamda 2 ta yer ostidagi yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib zararlangan. Oqibatda 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yuborilgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq, O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligida mas’ul vazirlik va idoralar vakillaridan iborat Hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi farmoyishi qabul qilindi.

Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, ushbu baxtsiz hodisa kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda kelgusida bu kabi noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olinib, uning oqibatlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid