O‘zbekiston | 16:30 / 18.02.2018
24292
2 daqiqa o‘qiladi

«Apostil» uchun to‘lov miqdori 10 baravar kamaytirildi

O‘zbekiston Respublikasi hukumatining 2018 yil 17 fevraldagi qarori bilan O‘zbekistonda tuzilgan rasmiy hujjatlarga maxsus shtamp — «Apostille» qo‘yilganligi uchun to‘lov miqdori 10 baravarga kamaytirildi — u 172.240 so‘mdan 17.224 so‘mga tushirildi, deb yozadi Adliya vazirligining huquqiy axborot kanali.

Ma'lumki, har yili 30 mingdan ortiq fuqarolarimiz ishlash, o‘qish, oila qurish va boshqa shu kabi masalalarda bizning davlat tashkilotlarimiz tomonidan berilgan rasmiy hujjatlarni xorijdagi rasmiy idoralarga topshiradi. Ushbu hujjatlar xorijda tan olinishining asosiy usullaridan biri sifatida ularga maxsus shtamp — «Apostille» qo‘yilgan bo‘lishi shart.

So‘nggi vaqtlarda «Apostille» uchun to‘lov miqdorining yuqoriligi haqida ko‘plab fuqarolardan e'tirozlar bildirilayotgan edi.

Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu to‘lov miqdorini kamaytirish yuzasidan taklif ishlab chiqilib, Hukumatga kiritildi.

Hukumat tomonidan ushbu taklif qo‘llab-quvvatlanib, ko‘pchilik fuqarolarning talab va istaklari qondirildi.

Ma'lumot o‘rnida, rasmiy hujjatlarga maxsus shtam — «Apostille» qo‘yish vakolatiga ega bo‘lgan 4ta tashkilot — bular:

  • sudlar, adliya organlari va muassasalaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha — Adliya vazirligi;
  • prokuratura, tergov, surishtiruv va tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha — Bosh prokuraturasi;
  • ta'lim va fan sohasi tashkilotlaridan chiqadigan rasmiy hujjatlar bo‘yicha — Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi;
  • boshqa har qanday rasmiy hujjatlar bo‘yicha — Tashqi ishlar vazirligi.

 

UzA Shokirjonov Shuhrat
Tayyorlagan UzA Shokirjonov Shuhrat
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid